Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasidan 80 kilometr masofada joylashgan, Namangan viloyatining Uychi va Uchqoʻrgʻon tumanlari tutashgan hududdagi “Qizil Ravot” nimstansiyasi hozirgi kunda “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasining qurilishi” loyihasi doirasida toʻliq rekonstruksiya qilinmoqda.

1987-yilda qurilgan 220/110 kV nimstansiyasi 220 kV elektr kuchlanishni 110 kV elektr kuchlanishga oʻzgartiruvchi boʻlib, Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasining ishga tushirilishi bilan isteʼmolchilarga sifatli elektr energiyasi yetkazib berishda quvvat boʻyicha isteʼmol talablariga javob bermay qoʻydi.

Uning uskuna va jihozlari maʼnan va jismonan eskirib ulgurgan boʻlib, isteʼmolning kundan kunga ortib borayotganligi sababli nimstansiya hududida joylashgan transformatorlar va boshqa elektr qurilmalarini zamonaviy transformatorlar va uskunalarga yangilashni taqoza qildi. Nimstansiyadagi uskuna va jihozlarni kapital taʼmirlash yoki almashtirish ishlari esa katta mablagʻni hamda katta mehnat sarfini talab qilardi.

Bunday sharoitda nimstansiyani toʻliq qayta qurish hamda uni yangi va zamonaviy uskunalar yordamida jihozlash soha mutaxassislari va xorijiy ekspertlar tomonidan eng maqbul va samarali yoʻl deb topildi. Loyihaning qiymati 12,585 mlrd.soʻmni tashkil etib, 220 kV nimstansiyani qayta qurish ishlari bosh pudratchi “4-sonli montaj boshqarmasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan olib borilmoqda.

Ikkita eski transformator yordamida ishlab turgan nimstansiya hozirgi kunda birlamchi jihoz va uskunalar bilan toʻliq taʼminlangan. Loyihaga koʻra, nimstansiya rekonstruksiyasi davomida ikkita eskirib qolgan transformator oʻrniga, zamonaviy talablarga javob beradigan, avtomatlashtirilgan tarzda ishlaydigan ikkita yangi transformator oʻrnatish koʻzda tutilgan boʻlib, hozirgi kunda montaj qilingan yangi transformatorlarni mutaxassislar tomonidan sozlash ishlari olib borilmoqda.

Nimstansiyaning 5 ta yacheykasida yangi birlamchi uskuna va jihozlar oʻrnatilgan boʻlib, qolgan 3 ta yacheykada bu ishlar AT-2 kuch avtotransformatorini almashtirish bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Uskunalar, quvvat oʻtkazish va nazorat qilish kabellari montaj qilingan boʻlib, ularni foydalanishga topshirish uchun sozlash ishlari olib borilmoqda.

Yongʻinga qarshi avtomatik tizim kameralari uchun bino qurilishi yakunlandi, truboprovod va tashqi suv oʻtkazgich trubalarini hamda yongʻin xavfsizligi elektron tizimini oʻrnatish ishlari bajarilmoqda.