Taʼkidlanganidek, oʻtgan davr mobaynida pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari uzluksiz ishlashini taʼminlash, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan korxonalar faoliyatini toʻliq tiklash, byudjetga tushumlar miqdorini koʻpaytirish va bu orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har taraflama qoʻllab-qoʻllab quvvatlash boʻyicha sektor rahbarlari va boshqa mutassadi tashkilotlar bilan birgalikda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, tumanda joriy yilning oʻtgan davrida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 670,9 milliard soʻm, xalq isteʼmol mollari 283,2 milliard soʻm, qurilish ishlari 419,4 milliard soʻm, chakana savdo aylanmasi 429,9 milliard va xizmatlar hajmi 401 milliard soʻmni tashkil qildi. Barcha koʻrsatkichlarda oʻsishga erishilgan.

Pandemiya munosabati bilan Uychi tumanida faoliyat koʻrsatayotgan 1 ming 682 ta korxonaning 648 tasi faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi, shuningdek 321 tasi esa 15 foiz kam quvvatda ishlay boshlagandi.

Yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Uychi tumanida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlariga bir qator imtiyozlar berildi. Natijada 11 ta korxonaga 406 million soʻmlik imtiyoz va proferensiyalar berildi. Ushbu korxonalarning faoliyati tiklanib, toʻliq quvvatda faoliyat yuritishiga erishildi.

Tumanda yangidan tashkil etilgan 491 ta kichik biznes subyekti hisobidan byudjetga jami 713 million soʻmdan ortiq miqdorida tushum tushirilib, qoʻshimcha 781 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Joriy yil yakuniga qadar qoʻshimcha 29 kichik biznes subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, 520 taga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilning 11 oyligi uchun belgilangan hududiy soliq toʻlovchilar boʻyicha 105 milliard 600 million soʻm byudjet daromadi prognoz qilingan boʻlsada, 111 milliard 500 million soʻm yoki 5 milliard 800 million soʻm koʻp tushum tushirildi. Tushum oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 102,5 foizga oshdi.

Mahalliy byudjet daromadlari boʻyicha 35,4 milliard soʻm prognoz qilingan boʻlib, 38,3 milliard soʻmga bajarildi. 2,9 milliard soʻm mablagʻ mahalliy byudjet ixtiyorida qoldi. Hozirgi kunda umumiy qiymati 525,3 milliard soʻmlik 111 ta loyiha ishga tushirildi. Buning natijasida 1 ming 293 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

2020-yilda aholi tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida 3 ming 309 nafar fuqaro va tadbirkorlarga jami 78,7 milliard soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi.

Aholini uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadida, 2020-yil Davlat dasturi asosida Pastguzar mahallasi hududida loyiha qiymati 14 milliard 800 million soʻmlik 4 ta 4 qavatli (2-3 xonali), jami 96 ta xonadonga moʻljallangan yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon turar-joy binolari qurildi. Mazkur uylardan 29 tasi ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilaga, 2 tasi chin yetimga, 2 tasi Yoshlar ittifoqi vakillariga, 21 tasi mehnat migrantlariga topshirildi.

Shuningdek, tumandagi oilalarning yashash sharoiti toʻliq oʻrganib chiqilib, ehtiyojmand va yordamga muhtoj hisoblangan 2 ming 415 oilaning 10 ming 907 nafar aʼzolari roʻyxati shakllantirildi hamda “temir daftar”ga kiritildi.

Sessiya davomida deputatlar tomonidan bir qator masalalar oʻrtaga tashlandi. Xususan, bir qator maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablarning holati qoniqarli emasligi, ichimlik suvi muammosi, taʼmirga muhtoj infratuzilma obyektlari, ichki yoʻllar holati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Sessiya soʻngida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda M.Apoqov tumanda olib borilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalari borasida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.