Oddiy savol koʻndalang boʻladi: bizga quvvatlarimizdan maksimal foydalanishda nima xalaqit beradi? Prezidentimizning parlamentga murojaatida, ayniqsa, 19-yanvar kungi maʼnaviyat masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida bu savolga aniq-tiniq javob berildi.

Maʼnaviyat masalalariga eʼtiborni yana-da kuchaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi. Va bu holni bartaraf etishning aniq mexanizmi taklif qilindi. Bu boradagi hukumat qarori maʼnaviyat va maʼrifat borasida inqilobiy oʻzgarish boʻlishidan dalolat beryapti.

Prezidentimiz oʻz nutqlarida tarixni oʻrganish borasida butunlay yangi konsepsiyani belgilab berdi. “Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga oʻrgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”.

Shuningdek, mutasaddilar oldiga Oʻzbekistonda tarix fanini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Albatta, davlat tili maqomiga ega boʻlgan ona til — oʻzbek tili bilan baqamti milliy tariximizni oʻrganishga koʻrsatilayotgan ragʻbat madaniy merosimizni kompleks tadqiq qilishni taʼminlaydi, hali moziy gʻuborlari ostida qolib kelayotgan choʻng qadriyatlarimizni inkishof etish bilan xalqimizning boʻy-bastini butun boricha dunyoga namoyish etish imkoniyatini yaratadi.

Aslida, davlatning oʻtmishi va buguni ajralmas tushunchalardir: biri bosib oʻtilgan yoʻl, ikkinchisi istiqboldagi maqsad. Oʻtmish tajribasidan qancha teran istifoda etilsa, kelgusi marralarni egallash shuncha oson kechadi. Bu holni Platon (Aflotun, mashhur grek faylasufi, eramizgacha 427-347-yillar) asarlariga sharh yozgan buyuk vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy (ikkinchi muallim, 873-950-yillar) shunday izohlaydi: “Agar xalqning xabardorligi (maʼrifat darajasi) qancha teran va yuqori boʻlsa, hukmdor chiqargan qonunlarga shuncha tez boʻysunadi va shuncha oson amalga oshiradi”. Demak, tarix maʼrifati xalqning faolligini taʼminlaydi.

Mamlakatimizda Uchinchi Renessansning poydevori, asoslari yaratilyapti. Ezgu gʻoyalar maʼlum qilinyapti, endi asosiy vazifa — ularning ijrosi. Bu esa omma ishtirokisiz amalga oshmasligi shubhasiz. Qolaversa, ommaning ishtiroki barcha harakatlarning asosiy omili, tirgagidir. Jami islohotlar omma(xalq) manfaatlarini koʻzlab amaliyotga kiritiladi.

Ayni paytda yurtimizda kechayotgan islohotlarning tabiati qadimgi Rim faylasufi Mark Tuliy Sitseron (eramizgacha 106-43 yillar)ning bir eʼtirofini keltirib oʻtishni taqozo etadi. “Xalq oliy hokimiyatdan foydalana olgan jamiyatgina erkinlik (bu oʻrinda faoliyat uchun zarur imkoniyat va imtiyoz.— H. S.)ning chinakam maskanidir”, degan ekan buyuk notiq.

“Oliy hokimiyat” bugun yurtimizda davlat rahbari timsolida yangi-yangi islohotlarga ruhlantiryapti, demak, undan foydalana olish taraqqiyotning yangi ufqlarini ochadi. Qolaversa, “Erkinlik inson jasorati va kuchini ikki baravar oshiradi”, deb yozganida fransuz siyosiy arbobi Sharl Dyumurye yuqoridan boshlangan islohotlar quyida davom etsa, imkoniyatlar yana ham yorqinroq namoyon boʻlishini nazarda tutgandir

Qisqa davrda hayotiy yondashuvlar tufayli issiqxonalardan olinayotgan daromadlar, chevarlarimizning dunyoni kiyintirishga jahd qilib erishayotgan muvaffaqiyatlari bu gapning isboti. Davlat tomonidan kitobxonlik keng ragʻbatlantirilyapti, targʻib qilinyapti.

Jamiyatimizda bugungi kunda barcha sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilyapti, sezilarli yutuqlarga erishil­yapti. Bu yutuqlarni dunyo hamjamiyati ham tan olyapti. Shunday sharoitda “yoʻl xaritasi” (“ish ravishi”)ni taftish qilib olish hayotiy zarurat edi. Zero, hazrat Alisher Navoiy lutf etganlaridek:

 

Koʻz och, agar xud bor esang rahshunos,

Ish ravishin ayla aningdek qiyos.

 

Ochigʻi, yil boshidayoq davlat miqyosida amalga oshirilgan chora-tadbirlar mohiyatini, koʻzda tutilgan maqsadni Prezidentimizning, “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir”, degan purmaʼno soʻzlaridan boshqacha ifodalash qiyin. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida koʻzda tutilgan asosiy maqsad-vazifalar ham bevosita maʼnaviyat bilan bogʻliq.

Zero, “Boʻyiga yarasha libosi”, deganlaridek, iqtisodiyotdagi oʻzgarishlar, ayniqsa, innovatsion gʻoyalarning kirib kelishi yangicha dunyoqarashni talab etishi bor gap. Bugun gektarlab maydonlarda gidroponika usulida sabzavot yetishtirilyapti, toshdan qogʻoz ishlab chiqarilyapti, yerdan 6-7-marta hosil olinyapti. Oʻz-oʻzidan ishlab chiqarishning bunyodkorlik, yaratuvchanlik qudrati ongga, turmush tarziga taʼsir etishi, shubhasiz.

Kechagina loysuvoqli uyda yashagan odam birdaniga borliqqa 16 qavatli uy derazasidan nazar tashlasa, dunyo uning tasavvurida boshqacha namoyon boʻladi. Bularning hammasi — yuksalish, taraqqiyot. Endi jamiyat tayanchida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni idrok etish, uni ongda, xayolda sintezlab, hayotiy aqidalarni belgilab olish uchun chinakamiga yangilangan mafkura, zamonaviy maʼnaviyat zarur boʻladi. Koʻrimsiz hovli, loysuvoqli uylarda yashash bilan osmonoʻpar binoda baqamti, “yon qoʻshni — jon qoʻshni” boʻlib yashashning oʻz “alifbo”si, talab va zaruratlari borki, unga amal qilish ehtiyojga aylandi.

Prezidentimiz boshchiligida yil boshida koʻrilgan hozirjavob tadbirlar ana shu yetilgan, dolzarb, hayotiy masalalarning yechimini belgilab berdi. Haqiqatan, yangi Oʻzbekistonning yangilangan milliy gʻoyasi boʻlishi lozim, uning talablari yangi mafkurada, uning hosilasi — yangi, eng soʻnggi jahon talablari darajasidagi yuksak madaniyatda aks etishi shart. “Kuchli iqtisodiyot va kuchli maʼnaviyat!” tamoyilining mohiyati shu.

Xalqimizda “Avval salom, keyin taom” degan purmaʼno ibora bor. Bu gap, ehtimol, dastlabki tamaddun epkinlari bilan ming yillarning narisida paydo boʻlgandir. Yaʼni dastlab ruhiyatingiz (maʼnaviyatingiz)ni ayon qiling va keyin moddiy masalaga oʻting! Demak, azal-azaldan bizda ruhiyat — maʼnaviyat birinchi oʻrinda turgan. Qolaversa, fikriy-mafkuraviy oʻzgarishlar buyuk moddiy koʻtarilishlarning doyasi, asosi ekanini ota-bobolarimizning tajribasi tasdiqlagan.

Bugun ana shu choʻng va oʻzimizga xos udumlar yana qaytadan, oʻzgacha talabchanlik bilan harakatga keldi. Biz aslida maʼnaviyatni tirikchilikdan ustun qoʻygan xalqmiz. Bunga tarix guvoh. Ana shunday xush amallar buyuk istiqboldan xabar bermoqda.

Albatta, azaliy udumlarimizda biror xayrli ish boshlansa, unga sherik boʻlish, oʻz hissasini qoʻshish odatdagi hol hisoblangan. Demak, yangilanishlar jarayonining faol ishtirokchisiga aylanish yurtdoshlarimizning vatanparvarlik burchidir. Endi tabiatimizdagi loqaydlik, begʻamlikni bir chetga surib, yangilanayotgan vatan istiqboli uchun fidoyilik talab etiladi.

Bugun dunyo oʻzgaryapti, yurtimiz oʻzgaryapti. Shularga hamohang oʻzimiz ham oʻzgarishimiz lozim va shart. Zero, qilinayotgan saʼy-harakatlar, islohotlar kelajagimiz uchun, farzandlarimizning dunyoda hech kimdan kam boʻlmay yashashlari uchun amalga oshirilayotganini hushyor zehn bilan idrok etmoq joiz.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, farovon turmushni taʼminlashda eng muhim amal, bu — insonning intilishi, oʻz kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakat qilishidir. Endi dunyoqarashni ham, munosabatlarni ham oʻzgartirish, kelajakka yuksak umid va orzular bilan qarash fursati yetdi.

...Oʻzanda toʻlib kelgan daryoning suvi qirgʻoqdan oshib, dalalarga obihayot olib boradi, jami nabototga jon ato etadi. Oqim oʻz yoʻlida baʼzi koʻlmaklarni ham suvga toʻldirib, toʻnib qolgan loyqalarni yuvib oʻtadi — bu bilan borliqda oʻzgacha soflik va yangilanish paydo boʻladi. Yurtimizda boshlangan ulkan oʻzgarishlar nafasi ham qalbimizga toshqin boʻlib kiradi, yuksak gʻalabalarga ilhomlantiradi.

Hakim SATTORIY,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat

markazining masʼul xodimi