Uyning poydevori yolg'ondan qurilmasin!

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ayrim qurilish korxonalarining yolgʻoni qurboni boʻlayotgan yurtdoshlarimizdan murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, Namangan shahri “Obihayot” MFYda yashovchi H.Mirzayevning shu yil 6-iyundagi murojaatida bayon qilinishicha, hozir oʻzi istiqomat qilayotgan uyni 290 million soʻmga xarid qilgan.

    Namangan shahridagi “San Tex Polimer” xususiy korxonasi tomonidan foydalanishga topshirilgan yangi uyning qurilish ishlari yakuniga yetkazilmasdan topshirilgan. Holatni Namangan shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari oʻrgandi. Oʻrganish jarayonida isteʼmolchining eʼtirozi oʻz tasdigʻini topdi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida uyning qurilish ishlari toʻliq yakunlanib, murojaatchiga topshirildi.

    Jizzax shahrida yashovchi Sherzod Mamadiyev ham “Sangzor dizayn qurilish” MCHJdan norozi boʻlib, Jizzax viloyati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Shikoyat yuzasidan jamiyat xodimlari holatni oʻrgandi. Maʼlum boʻlishicha, isteʼmolchi “Sangzor dizayn qurilish” MCHJ qurayotgan xonadonlardan birini xarid qilish uchun 96 million 867 ming soʻm toʻlagan. Yangi uy 2021-yilda foydalanishga topshirilishi lozim edi. Ammo bugunga qadar qurilish ishlari yakunlanmagan.

    Jizzax viloyati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlarining qurilish korxonasi masʼullariga tushuntirish ishlari besamar ketdi. Shundan soʻng jamiyat bu masalani sudga oshirdi. 2022-yil 16-iyun kuni Fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax tumanlararo sudi isteʼmolchining foydasiga uy uchun toʻlagan puli va maʼnaviy zarar uchun 11 315 250 soʻm penya undirib berilishi toʻgʻrisida qaror chiqardi.

    Gulnoza SHARAFOVA,
    jurnalist