“Uzbekistan GTL” majmuasida oʻtgan yil iyun oyidan boshlab sintetik suyuq yonilgʻi mahsulotlari ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Respublika tovar xom-ashyo birjasi orqali isteʼmolchilarga har kuni birja savdolari orqali yetkazilyapti.

Ayni paytda “Uzbekistan GTL” zavodi toʻliq ish rejimiga oʻtkazilib, ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oshirilyapti, shu jumladan 2022-yil noyabr oyida zavodning ikkinchi navbati ishga tushirilishi hisobiga tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi yanada oshirilishi rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali mahsulot tannarxini pasayishiga erishilyapti.

Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 29-avgustdan sintetik dizelning 1 tonnasi uchun boshlangʻich narxi 15 550 500 soʻmdan 14 504 378 soʻmga, 13-sentyabrdan 14 504 378 soʻmdan 13 897 110 soʻmga, 31-oktyabrdan 13 897 110 soʻmdan 12 998 420 soʻmga arzonlashtirilgan edi.

Maʼlumot uchun: “Uzbekistan GTL” yoqilgʻisi Shveysariyaning “SGS” guruhining Belgiya, Estoniya va Fransiyadagi sertifikatlangan markazlarida sinovdan oʻtkazilgan, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

GTL dizeli “Yevro-4” va undan yuqori boʻlgan yonilgʻida ishlaydigan yengil avtomobillar va yuk mashinalari, shuningdek, mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan gabarit va maxsus dizel yonilgʻiga moʻljallangan transport vositalari uchun mos keladi.