Maqolada Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumaniga tashrif buyurib, tumanda bunyod etilgan gigant korxona — “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimidagi ishtiroki va tantanali marosimdagi nutqi mazmun-mohiyati batafsil yoritilgan.
Taʼkidlanganidek, ushbu zavod Oʻzbekistonda va umuman mintaqada neft-gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirik korxonadir. “Majmuada yiliga 3,6 milliard kubometr tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi, — deb yozadi hind jurnali. — Ushbu mahsulotlar hisobiga, yiliga 500 million dollarlik import oʻrni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va 2 trillion soʻmlik soliq tushumlari taʼminlanadi”.
Nashrda zavodda tabiiy gaz 3 barobar yuqori qiymatli tayyor mahsulotlarga aylantirilishiga alohida eʼtibor qaratilgan. “Xususan, aviakerosin juda toza va sifatli boʻlib, eng zamonaviy samolyotlarga moʻljallangani uchun unga hamisha talab yuqori. Zavodda ishlab chiqariladigan dizel yoqilgʻisi ham kamida Yevro-6 standartlariga mos boʻladi”, — deb qayd etiladi materialda.
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga koʻra, GTL mahsulotlarini ishlab chiqarish 2030-yilga borib 2 barobar oʻsadi. Shu bois yanada yuqori qoʻshilgan qiymatli boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Jumladan, zavod negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qoʻshimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 620 million dollar boʻlgan 6 ta loyiha amalga oshirilishi moʻljallangan.
Maqolada Prezident Shavkati Mirziyoyev oʻz maʼruzasida bugungi kunda butun dunyo “yashil” iqtisodiyotga oʻtayotgani, savdo-sotiqda shu borada talablar qoʻyayotganiga eʼtibor qaratgani qayd etilgan. “Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, “Uzbekistan GTL” mahsulotlari jahondagi eng yuqori ekologik talablar va standartlarga toʻliq javob beradi. Bu yerda tayyorlanadigan sintetik yoqilgʻi anʼanaviy yoqilgʻilarga nisbatan 40 foiz kam chiqindi va zararli gaz hosil qiladi. Buning hisobidan, yiliga 13 ming 500 tonna zararli gazlarning havoga tarqalishiga yoʻl qoʻyilmaydi”, — deya taʼkidlaydi manba.
“Zavod ishga tushganidan keyin jami 1 ming 300 ta mutaxassis yuqori daromadli, doimiy ish oʻrniga ega boʻladi. Meni quvontiradigani, zavod qurilishida qatnashgan mutaxassislarning qariyb 80 foizi oʻzimizning mahalliy kadrlar, yangicha ishlashga chanqoq yoshlar. Bu yoshlar – Yangi Oʻzbekiston yoshlari. Ular milliy sanoatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib, bu yoʻlda “oltin fond”imizga aylanadi, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev”, deb yozadi “Diplomatist” jurnali.
Nashrda, shuningdek, oʻquvchilar marosim doirasida yana bir korxona — Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini 3 barobarga kengaytirish boʻyicha loyiha qurilishiga ham start berilgani haqidagi maʼlumotlar bilan tanishishi mumkin, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“Ushbu ikki yangi majmua nafaqat oʻzining mahsuloti orqali, balki boshqa sanoat sohalarida 100 million dollarlik butlovchi va ehtiyot qismlar uchun bozor shakllantiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “Bu loyihalar Oʻzbekistonda yangi sanoat davrini yaratish yoʻlidagi ilk yirik qadamlardan biridir”, — deya qayd etadi hind jurnali.