Avvalo, yetuk, ilmiy darajaga, malaka toifaga ega 91 nafar talabgor suhbat asosida saralanib, shartnoma asosida ishga olindi.
Maktab direktori o‘rinbosarlari, psixologlari, shuningdek, jami 22 fandan, jumladan, aniq va tabiiy fanlar tarkibiga kiruvchi fanlarning (informatika va axborot texnologiyalari, geografiya, iqtisodiy bilim asoslari), filologiya fanlari tarkibiga kiruvchi (ona tili va adabiyoti, o‘zbek tili/rus tili, ingliz tili, nemis tili, fransuz tili), ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya), amaliy fanlar (musiqa madaniyati, tasviriy san’at, chizmachilik, texnologiya, jismoniy tarbiya) fan o‘qituvchilari, boshlang‘ich ta’lim pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarining variativ zamonaviy ishchi o‘quv dasturlari ishlab chiqildi hamda ular asosida 1068 ta videomashg‘ulot tayyorlandi.
Xalqaro TALIS tadqiqotlari talablari asosida maktablardagi ta’lim muhitini aniqlashga qaratilgan maktab direktorlari va o‘qituvchilari uchun so‘rovnomalar shakllantirilib, so‘rovnomalar o‘tkazish va chuqur tahlil qilish (solishtirma) asosida “TALIS - 2023 xalqaro tadqiqotiga O‘zbekiston maktablari o‘qituvchi va direktorlarini tayyorlash” nomli 2 qismdan iborat tadqiqot hisoboti tayyorlandi va nashr qilindi.
Zamonaviy fikrlovchi spikerlar, jumladan, MFaktor, “Yuksalish liderlar akademiyasi”, Asaxiybooks, “Edu Action” loyihalari hamkorligida “Ta’limda liderlik” maqsadli kurslari ishchi o‘quv dasturlari ishlab chiqildi va xalq ta’limining hududiy boshqaruv organ rahbarlari uchun qisqa muddatli kurs tashkil etildi.
Xususan, “MFaktor” hamkorligida 26 fevral - 2 mart kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar XTB boshliqlari hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari uchun xalq ta’limi tizimida ta’lim liderlarini tayyorlashga qaratilgan “Ta’limda liderlik” trening kurslari o‘tkazildi.
Uzluksiz kasbiy ta’lim platformasini Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yaratilgan ERP tizim bilan integrasiyalashtirildi.
Mutlaqo yangidan ishlab chiqilgan video va audio materiallar, taqdimotlar, mavzular bo‘yicha nazorat savollari Uzluksiz kasbiy ta’lim elektron platformasiga joylashtirildi.
Sifat menejmenti tizimi bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar o‘rganilib, sifat menejmenti tizimi tamoyillari, parametr, usul va vositalarini o‘rganish asosida viloyatlarda tajriba sinovlar o‘tkazildi va ilmiy xulosalar shakllantirildi.
Xalqaro TALIS va sifat menejmenti tizimi tadqiqotlari asosida umum e’tirof etilgan indeksasiyalangan ma’lumotlar bazalaridagi jurnallarda maqola chop etish uchun material tayyorlandi va nashr etildi.
Xalqaro tendensiyalar tahlili asosida pedagog xodimlar uchun zaruriy mavzular banki shakllantirildi. Xalq ta’limi pedagog xodimlar kasbiy ehtiyojlarini aniqlashga qaratilgan tajriba-sinov dasturi ishlab chiqildi hamda Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida o‘qituvchilardan iborat tajriba va nazorat guruhlarida so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Pedagog kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari uchun STEM dasturlari tarkibiga kiruvchi fanlarning o‘zbek va rus tilidagi 1200 ta, filologiya fanlari tarkibiga kiruvchi fanlarning 900 ta, ijtimoiy fanlar tarkibiga kiruvchi fanlarning 450 ta, amaliy fanlar tarkibiga kiruvchi fanlarning 750 ta, aniq va tabiiy fanlar tarkibiga kiruvchi fanlarning 900 ta, o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun 300 ta test savollari ishlab chiqildi.
Loyiha doirasida bajarilgan ishlar O‘zbekiston telekanalari, radiokanallari, bosma nashrlar va ijtimoiy tarmoqlardagi ommabop saytlarda jami 27 marotaba yoritildi.
Muyassar Djumaniyazova
A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti Matbuot kotibi
Guljaxon Boymuradova
Loyiha ishtirokchisi