Uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimiga oʻtish koʻp ming sonli xalq taʼlimi xodimlarining barchasini har yili malaka oshirishga jalb qilishni va bunda ularning kasbiy ehtiyojlaridan kelib chiqib oʻquvlarni tashkil etishni koʻzda tutadi. Ehtiyojlarga asoslangan malaka oshirishni esa faqatgina intellektual dasturiy vositalar yordamida amalga oshirish mumkin. Shuning uchun ham institutimiz tomonidan “Uzluksiz kasbiy taʼlim”maxsus elektron platformasi ishlab chiqildi.
Mazkur platformadan foydalangan holda 2021-yil mart oyidan boshlab, Xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi amalda joriy etildi.
Mazkur platformada roʻyxatdan oʻtgan pedagog malaka oshirish kurslarining diagnostika testini yechishdan boshlaydi. Bu bilan uning kasbiy boʻshliqlari aniqlanib, tinglovchining individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi shakllantiriladi va mazkur trayektoriyaga mos ravishda taqdim etilgan oʻquv modullarini oʻzlashtirish orqali pedagog malakasi oshiriladi.
Malaka oshirish dasturi nisbatan mustaqil oʻquv modullaridan iborat boʻlib, ularni yaratishda ilk bor xorijiy va mahalliy xususiy sektor vakillari jalb etildi. Tayyorlangan oʻquv modullari elektron platformaga joylashtirildi. Bugungi kungacha 4520 daqiqalik 291 ta videokurslar yaratildi. 2021-yil davomida umumiy 95 483 nafar xalq taʼlim xodimlari (fan metodistlari, maktab direktorlari, kimyo va biologiya fani hamda boshlangʻich sinf oʻqituvchilari) oʻz ehtiyojlari asosida malakalarini oshirdi.
“Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasi xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanishini tashkil etishda katta imkoniyatlarni taqdim etadi.
Endilikda xalq taʼlimi xodimlari ishdan va oiladan ajralmagan holda, kasbiy ehtiyojiga koʻra, oʻzi istagan joyda va istagan vaqtda malaka oshirishlari mumkin. Besh yuz mingdan ortiq xalq taʼlimi xodimlarining malaka oshirishini qayerda va qachon amalga oshirish ishlarini tashkil qilish ham mazkur elektron platforma zimmasiga yuklatiladi. Bunda har bir xalq taʼlimi xodimi joriy kalendar yili oxirida qayerda va qanday shaklda malaka oshirishni xohlayotgani haqidagi maʼlumotlarni platformaga mustaqil kiritadi, platforma esa barcha talablarni umumlashtirgan holda tizim xodimlarining navbatdagi kalendar yilida kasbiy rivojlanishini tashkil etishning hududlar va malaka oshirish tashkilotlari kesimidagi rejasini shakllantirib beradi. Mazkur rejadan kelib chiqib, xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanish jarayonlari monitoring qilinadi. Malaka oshirish natijasida belgilangan kreditlarni toʻplagan xodimga platforma tomonidan malaka oshirganlik toʻgʻrisidagi sertifikat avtomatlashtirilgan shaklda shakllantiriladi va taqdim etiladi.
Albatta, uzluksiz kasbiy taʼlim platformasi orqali malaka oshirish kasbiy rivoojlanishni tashkil etishning yagona shakli emas, ishdan ajralgan holda bevosita malaka oshirish taʼlim muassasalarida anʼanaviy tarzda yoki ishdan ajralmagan holda (oʻquvchilar taʼtillari, oʻqituvchilarning metodika kunlari va darsdan boʻsh vaqtlarida) tashkil qilingan malaka oshirish kurslarida oʻqish imkoniyatlari ham saqlab qolingan. Ushbu malaka oshirish kurslari ham 30–36 soatlik dasturlar asosida tashkil etilib, belgilangan kreditlarni toʻplagan xodimlarga malaka oshirganlik toʻgʻrisidagi sertifikatlar taqdim etiladi. Mazkur sertifikatlarni ham shakllantirish va xodimlarga taqdim etish elektron platforma orqali amalga oshiriladi.
Uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimini joriy qilish hamkorlik va hamjihatlika asoslanadi
Uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimini joriy etishni institutimiz va tizimda faoliyat koʻrsatayotgan 14 ta malaka oshirish hududiy markazlarining birgalikdagi faoliyatisiz amalga oshirib boʻlmaydi. Yuqorida qayd etilgan meʼyoriy hujjatlarda institutimizga bosh taʼlim muassasasi sifatida barcha hududiy markazlarning oʻquv, metodik va ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan. Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan uzluksiz kasbiy rivojlanishni tashkil etish boʻyicha hududiy markazlarning faoliyati muvofiqlashtirildi va natijada 27 yoʻnalishda xalq taʼlimi xodimlarini malakasini oshirish kurslarining oʻquv reja va dasturlari qayta ishlab chiqildi, anʼanaviy va onlayn tarzda tashkil etiladigan kurslarning oʻquv-metodik taʼminoti toʻla yangilandi. Shuningdek, yangilangan oʻquv reja va dasturlari asosida platformada tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarining videokontentlari tayyorlandi. Hududiy markazlar professor-oʻqituvchilar tarkibining ilmiy-salohiyatini oshirish maqsadida institutda tashkil etilgan maqsadli doktoranturada ular uchun ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
Albatta, yangi tizimning joriy etilishi, xususan xodimlarning “Uzluksiz kasbiy taʼlim” elektron platformasida malaka oshirishlari koʻplab savollarni keltirib chiqarishi mumkin. Mazkur savollar va murojaatlarga oʻz vaqtida javob berish maqsadida institutda 7/24 tamoyili asosida yaʼni haftada 7 kun 24 soat davomida ishlaydigan texnik koʻmak guruhlarining faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ayubxon RADJIYEV,
Abdulla Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish
va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot
instituti rahbari