2023-yil sentyabr oyida Oʻzbekistondan yangi pishgan uzum eksporti hajmi oʻtgan oyga nisbatan 30 foizga qisqardi va oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 baravar kam boʻldi. Bu esa ushbu mahsulot narxining rekord darajada oshgani bilan izohlanadi, deyiladi EastFruit xabarida.
Dastlabki savdo statistikasiga koʻra, 2023-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston 27,3 ming tonna yangi uzum eksport qildi, bu joriy yilning avgustidagi 38,9 ming tonnaga va oʻtgan yilning sentyabridagi 59,0 ming tonnaga nisbatan kam
2023-yil iyul oyida oʻzbek uzumini eksport qilish hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yuqori boʻlganiga qaramay, eksport mavsumi faol bosqichga kirgan 2023-yil avgust oyida ushbu mahsulotlarni tashqi bozorlarga joʻnatish hajmi oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 10 foizga kam boʻlgan. Bu avgust oyining uchinchi oʻn kunligidan boshlab, joriy va oʻtgan yilgi ulgurji narxlar darajalari oʻrtasidagi tafovut keskin oshib borayotgani bilan izohlanadi.
Agar avgust oyida uzumning joriy ulgurji narxlari oʻtgan yilgi darajadan oʻrtacha 1,5 baravar yuqori boʻlsa, sentyabr oyida bu boʻshliq allaqachon 2,5-3 baravarga yetdi. Oqibatda sentyabr oyida oʻzbek uzumining eksportida oʻtgan oyga nisbatan ham, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ham keskin pasayish kuzatildi.