Ijtimoiy tarmoqlarda Uzun tumanida Yoʻl patrul xizmati xodimi pora bilan qoʻlga tushgani toʻgʻrisida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Uzun tuman IIB JXX YXXG maʼmuriy huquqbuzarlik materiallarini koʻrib chiqish boʻyicha inspektori katta serjant Sh.A. fuqaro K.Q. ga unga tegishli boʻlgan “Gentra” avtomashinasi old oynalarini maxsus ruxsatnomasiz qoraytirganligi holati boʻyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan jarimaga tortmaslikni vaʼda qilgan. U buning evaziga fuqarodan 800 AQSH dollari miqdorida pul mablagʻlarini taʼmagirlik yoʻli bilan talab qilgan.
Xodim 800 AQSH dollari miqdoridagi valyuta mablagʻlarini Uzun tumani “Bahoriston” mahallasi, N.Ramozonov koʻchasida joylashgan tuman IIB YHXG maʼmuriy amaliyot boʻlimi binosida olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan 9-aprel kuni Departamentining Uzun tuman boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.