Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Devid Kemeron bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Aprel 2024 1651

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Buyuk Britaniya tashqi ishlar, Hamdoʻstlik va taraqqiyot masalalari boʻyicha davlat kotibi Devid Kemeron bilan uchrashdi.

    "Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdoʻstlik va taraqqiyot masalalari boʻyicha davlat kotibi Devid Kemeron janoblari bilan uchrashishdan mamnunmiz, – deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram kanalida. – Suhbatimiz samarali va mazmunli boʻlib, barcha sohalar boʻyicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan asosiy vazifalarni belgilash imkonini berdi. Iqtisodiy munosabatlarni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratdik.

    Britaniya tomonining ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni va taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini qadrlaymiz.

    Shuningdek, Keng qamrovli sherikchilik toʻgʻrisidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bogʻliqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumini imzoladik".