Tadbir gibrid formatda, yaʼni onlayn va oflayn shaklda tashkil etildi. Unda JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Sanepidqoʻmita masʼul vakillari, soha mutaxassislari, xalqaro ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur seminarda vaksinatsiyaning ahamiyati, emlashga nisbatan jamiyatda mavjud ikkilanishlar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan notoʻgʻri maʼlumotlar, qizamiq kabi yuqumli kasalliklarning oldini olishda vaksinaning oʻrni haqida batafsil maʼlumot berildi.

JSST maʼlumotiga koʻra, 2026-yilgi Yevropa immunizatsiya haftaligi 19–25-aprel kunlari oʻtkazilmoqda va bu yilgi shior — “Har bir avlod uchun vaksinalar ishlaydi”. Mazkur haftalik Yevropada 20-marotaba tashkil etilmoqda. 

Vaksina — tibbiyot tarixida inson hayotini saqlab qolishga xizmat qilgan eng muhim kashfiyotlardan biri. U faqat bir insonni emas, butun jamiyatni xavfli yuqumli kasalliklardan himoya qiladi.

Biroq bugungi axborot oqimida vaksina haqida turli afsonalar, asossiz qoʻrquvlar va notoʻgʻri talqinlar ham koʻpaymoqda. Ayrim hollarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birgina tekshirilmagan maʼlumot odamlarni emlashdan bosh tortishga olib kelishi mumkin. Bu esa nafaqat bir oila, balki butun jamoat salomatligi uchun xavf tugʻdiradi.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda qizamiq kasalligi boʻyicha vaziyat yana dolzarblashmoqda. JSST va YUNISEF maʼlumotlariga koʻra, qizamiqqa qarshi vaksinaning ikki dozasi 97 foizgacha umrbod himoya berishi mumkin, jamoaviy immunitet uchun esa har bir jamoada ikki doza bilan qamrov 95 foiz darajasida boʻlishi kerak. 

Shu nuqtayi nazardan, jurnalistlar uchun oʻtkazilgan mazkur seminar aholiga toʻgʻri, asosli va ishonchli maʼlumot yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

“Vaksina bugun ham ishlaydi va u xavfsiz”

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Vaksinalar logistikasi va immunoprofilaktika boʻlimi boshligʻi, tibbiyot fanlari doktori Dilorom Tursunova vaksinaning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

— Vaksina bugungi kunda ham ishlaydi va u xavfsiz. Zamonaviy vaksinalar avvalgi yillardagiga nisbatan ancha takomillashgan. Ilgari vaksinalarni saqlash sharoiti cheklangan boʻlgan, harorat, quyosh nuri, sovutkich zanjiri kabi omillar juda katta ahamiyat kasb etgan. Bugun esa vaksina ishlab chiqarish texnologiyalari ancha rivojlangan.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, vaksinalar inson hayoti bilan bevosita bogʻliq boʻlgan tibbiy vosita hisoblanadi. Shuning uchun ular ishlab chiqarilishidan tortib, saqlanishi va aholiga yetkazilishigacha boʻlgan barcha jarayonlar qatʼiy nazorat qilinadi.

— Bugungi kunda kelayotgan vaksinalar xalqaro standartlarga javob beradi. Ular tekshiruvlardan, sifat nazoratidan oʻtadi. Vaksina — bu oddiy dori emas, u profilaktika vositasi. Yaʼni kasallikni davolash uchun emas, uning oldini olish uchun qoʻllaniladi, — dedi Dilorom Tursunova.

Uning soʻzlariga koʻra, emlash jarayonida eng muhim masalalardan biri — vaksinani toʻgʻri saqlash, belgilangan tartibda qoʻllash va tibbiyot xodimlarining masʼuliyatidir.

— Bizda ochilgan vaksinalardan foydalanish boʻyicha ham aniq talablar bor. Bu talablar aholi xavfsizligi uchun qoʻyilgan. Har bir vaksina ortida inson salomatligi, bola hayoti turibdi. Shu sababli bu masalaga befarq qarab boʻlmaydi, — deya taʼkidladi mutaxassis.

 

Vaksinalar qanday ishlaydi?

Tadbirda ekspertlar vaksinaning asosiy vazifasi organizm immun tizimini kasallikka qarshi tayyorlash ekanini qayd etdi.

Vaksina organizmga kasallik chaqirmaydigan, lekin immun tizimni “tanishtiruvchi” maʼlumot beradi. Natijada inson keyinchalik haqiqiy infeksiya bilan toʻqnashganda, organizm unga qarshi tezroq va samaraliroq javob qaytaradi.

JSST maʼlumotlarida vaksinalar qizamiq, gepatit V, poliomiyelit, difteriya, koʻkyoʻtal, qoqshol, gripp, pnevmoniya, rotavirus, qizilcha, bachadon boʻyni saratoni bilan bogʻliq VPCH infeksiyasi kabi koʻplab kasalliklardan himoya qilishi qayd etilgan. 

Shu bois vaksinatsiya faqat bolalar uchun emas, balki katta yoshdagilar uchun ham muhim profilaktik chora hisoblanadi.

 

Qizamiq xavfi: “Har qanday toshma qizamiq emas, lekin befarqlik ham mumkin emas”

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bosh mutaxassisi Xursanoy Jamolova ushbu mavzuga atroflicha maʼlumot berdi.

— Bugungi tadbirning asosiy maqsadlaridan biri — aholi oʻrtasida vaksinatsiya haqida toʻgʻri tushuncha shakllantirishdir. Yevropa immunizatsiya haftaligi doirasida oʻtkazilayotgan bunday tadbirlar nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda aholini emlash bilan qamrab olishni kuchaytirishga qaratilgan.

Uning aytishicha, bugungi kunda faqat bolalar emas, katta yoshdagi, oʻz vaqtida emlanmagan aholi qatlamini ham yashash manzilidagi poliklinikalarga murojaat qilib, emlash bilan qamrab olish muhim.

— Ayni vaqtda qoʻshni davlatlarda ham, Yevropa mintaqasida ham qizamiq bilan kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Afsuski, emlanmagan aholi orasida kasallik asoratlari ogʻir kechishi mumkin. Hatto bolalar orasida oʻlim holatlari uchrayotgani haqida maʼlumotlar ham bor. Shuning uchun biz aholini befarq boʻlmaslikka chaqiramiz, — dedi Xursanoy Jamolova.

Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar tanasida qizil toshmalar aks etgan turli videolar tarqalishi aholi orasida xavotir uygʻotmoqda. Mutaxassis bu kabi holatlarda shoshma-shosharlik bilan xulosa qilish toʻgʻri emasligini taʼkidladi.

 

— Har qanday qizil toshma qizamiq degani emas. Bolalarda turli virusli infeksiyalar, adenovirus kasalliklari, allergik holatlar, ovqatdan boʻladigan reaksiyalar ham toshma bilan namoyon boʻlishi mumkin. Shuning uchun farzandingizda qizil toshma, isitma yoki boshqa belgilar kuzatilsa, darhol hududiy poliklinikaga murojaat qilish kerak. Tashxisni faqat mutaxassis qoʻyadi, — dedi u.

Xursanoy Jamolovaning qayd etishicha, Sanepidqoʻmita tomonidan hududlardan kelayotgan yuqumli kasalliklar haqidagi maʼlumotlar doimiy oʻrganib boriladi. Zarur hollarda epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar boʻyicha mutaxassislar bilan hamkorlikda choralar koʻriladi.

 

Nega qizamiq alohida xavfli?

Qizamiq — havo-tomchi yoʻli bilan tez tarqaladigan yuqumli kasallik. U oddiy toshma yoki isitma bilan cheklanib qolmasligi mumkin. Ayrim hollarda oʻpka yalligʻlanishi, quloq infeksiyasi, koʻrish bilan bogʻliq asoratlar va ogʻir nevrologik holatlarga sabab boʻlishi mumkin.

JSST maʼlumotiga koʻra, qizamiqqa qarshi ikki doza vaksina olish kasallikdan yuqori darajada himoya qiladi. Shu bilan birga, jamoaviy immunitet shakllanishi uchun emlash qamrovi yuqori boʻlishi shart. 

2026-yil boshida JSST Oʻzbekistonda qizamiq boʻyicha eliminatsiya maqomi bekor qilinganini maʼlum qilgan. Xalqaro manbalarda bu holat 2019-yildan buyon virus tarqalishi davom etgani bilan izohlangan. 

Bu holat vaksinatsiya masalasi faqat tibbiy emas, balki jamoat xavfsizligi, axborot siyosati va aholi ishonchi bilan bogʻliq muhim masala ekanini koʻrsatadi.

 

Vaksina haqidagi afsonalar qayerdan paydo boʻladi?

Sanepidqoʻmita Axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova taʼkidlashicha, vaksinatsiyaga nisbatan ikkilanishlar oddiy holat emas, balki bir nechta omillar taʼsirida shakllanadi.

Uning soʻzlariga koʻra, vaksinalarga nisbatan shubha quyidagi sabablar bilan paydo boʻlishi mumkin. Xususan, aholida yetarli maʼlumot yoʻqligi, vaksina samaradorligi haqida asoslangan maʼlumotlarga nisbatan shubha, axloqiy yoki shaxsiy qarashlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlar bosimi, xavfsizlik boʻyicha hadiklar, vaksinatsiyaga qarshi guruhlarning taʼsiri, sohalararo muvofiqlashtirish yetishmasligi, aholi bilan kommunikatsiyaning kamligi.

— Vaksinalarga nisbatan ikkilanish murakkab tushuncha. U aniq vaksina, vaqt, joy va axborot muhitiga bogʻliq boʻladi. Bunda insonning xabardorligi, tibbiyot tizimiga ishonchi va toʻgʻri maʼlumotga ega boʻlishi hal qiluvchi ahamiyatga ega, — dedi Maftuna Saidova.

Uning taʼkidlashicha, vaksinatsiyaga butunlay qarshi boʻlganlar koʻpchilikni tashkil etmaydi.

Ammo ular tarqatayotgan notoʻgʻri maʼlumotlar aholi orasida xavotir uygʻotishi, emlashni kechiktirish yoki undan butunlay bosh tortishga sabab boʻlishi mumkin.

 

Vaksinalar allergiya, diabet yoki tarqaluvchi skleroz chaqirishi mumkinmi?

Tadbirda keng tarqalgan afsonalarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Maftuna Saidovaning taʼkidlashicha, vaksinalar va allergiya oʻrtasidagi bogʻliqlik bir nechta yirik ilmiy tadqiqotlar davomida oʻrganilgan va ular oʻrtasida sababiy bogʻliqlik tasdiqlanmagan.

Shuningdek, vaksinalar, jumladan, gepatit V va grippga qarshi vaksinalar tarqaluvchi sklerozni keltirib chiqarishi yoki uni kuchaytirishi haqidagi xavotirlar ham nazoratli tadqiqotlarda oʻrganilgan. Mavjud maʼlumotlar bu kasalliklarni vaksinalar chaqirishi haqidagi taxminlarni tasdiqlamaydi.

Vaksinalar 1-tip diabetga sabab boʻlishi haqidagi fikrlar ham ilmiy jihatdan oʻz tasdigʻini topmagan.

JSSTning 2025-yil dekabrdagi bayonotida ham bolalar vaksinasi va autizm oʻrtasida sababiy bogʻliqlik yoʻqligi yana bir bor taʼkidlangan. JSSTning Global vaksina xavfsizligi boʻyicha maslahat qoʻmitasi mavjud dalillarni tahlil qilib, vaksinalar autizmga sabab boʻlmaydi, degan xulosani qayta tasdiqlagan. 

 

“VPCH vaksinasi bepushtlik qiladi” degan gaplar ham afsona

Seminarda VPCH vaksinasi haqidagi notoʻgʻri qarashlarga ham eʼtibor qaratildi. Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “VPCH vaksinasi qizlarni bepusht qiladi” degan asossiz fikrlar tarqalgan.

Mutaxassislar bunday daʼvolar ilmiy asosga ega emasligini taʼkidladi. Aksincha, VPCH vaksinasi kelajakda bachadon boʻyni saratoni xavfini kamaytirishga qaratilgan muhim profilaktik vositalardan biri hisoblanadi.

Yevropa kasalliklarni profilaktika va nazorat qilish markazi ham 2026-yilgi Yevropa immunizatsiya haftaligi munosabati bilan VPCH vaksinasi boʻyicha qamrovni oshirish onkologik kasalliklarning oldini olishda muhim ekanini qayd etgan. 

 

Aholi vaksina haqida nimani bilishni istaydi?

Tadbirda aholi orasida vaksinatsiyaga munosabat, savollar va xavotirlar ham tahlil qilindi.

Umuman olganda, aholining vaksinatsiya dasturlariga munosabati ijobiy. Biroq ayrim qatlamlarda shubha saqlanib qolmoqda. Odamlar koʻproq quyidagi savollarga javob izlaydi:

— vaksina qanday xavf tugʻdirishi mumkin?

— emlash ogʻriqli boʻladimi?

— vaksina narxi qancha?

— u meni va oilamni qaysi kasalliklardan himoya qiladi?

— bu kasallik hozir ham uchrayaptimi?

— “vaksinatsiya dasturi” deganda nimani tushunish kerak?

Mutaxassislar fikricha, aynan shu savollarga sodda, aniq va ishonchli javob berish vaksinatsiyaga boʻlgan ishonchni oshiradi.

 

OAVning vazifasi — qoʻrqitish emas, tushuntirish

Seminarda jurnalistlarning roliga ham alohida urgʻu berildi. Chunki vaksina haqidagi notoʻgʻri maʼlumotlar koʻpincha ijtimoiy tarmoqlar va ayrim tekshirilmagan manbalar orqali tarqaladi.

Jurnalistlar esa mutaxassis fikri, rasmiy maʼlumot va ilmiy dalillarga tayanib ish koʻrsa, jamiyatda sogʻlom axborot muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Vaksina haqida yozishda shov-shuv, qoʻrquv yoki sensatsiya emas, balki aniq fakt, raqam va ekspert xulosasi birinchi oʻrinda turishi kerak.

Vaksina olgan inson avvalo oʻzini himoya qiladi. Ammo bu bilan u atrofidagi boshqa insonlarni ham muhofaza qiladi. Ayniqsa, hali emlanish yoshiga yetmagan chaqaloqlar, immuniteti zaif insonlar, ogʻir kasallikka chalingan bemorlar uchun jamoaviy immunitet hayotiy ahamiyatga ega.

Shuning uchun emlashdan bosh tortish faqat shaxsiy tanlov sifatida qaralmasligi kerak. Bu qaror jamiyatning eng zaif qatlamlariga ham taʼsir qilishi mumkin.

JSST va YUNISEF maʼlumotlariga koʻra, qizamiq kabi kasalliklarning oldini olish uchun ikki dozali vaksina qamrovini yuqori darajada saqlash zarur. 

Toshkentda oʻtkazilgan “Vaksinatsiya samaradorligi: afsonalarni inkor etish yoʻlida” mavzusidagi seminar bugungi kunda vaksinatsiya masalasi qanchalik dolzarb ekanini yana bir bor koʻrsatdi.

Mutaxassislar taʼkidlaganidek, vaksina — kasallik kelgandan keyin emas, kasallik kelmasidan oldin himoya qiladigan vosita. Uning asosiy maqsadi inson hayotini saqlash, jamiyatda xavfli infeksiyalar tarqalishining oldini olishdir.

Qizamiq, gripp, gepatit V, VPCH, poliomiyelit va boshqa koʻplab kasalliklarga qarshi kurashda vaksinatsiya eng samarali profilaktik choralardan biri boʻlib qolmoqda.

Bugungi vazifa esa bitta: aholiga qoʻrquv emas, haqiqatni yetkazish. Chunki vaksina haqidagi har bir toʻgʻri maʼlumot — bir insonning salomatligi, bir bolaning hayoti va butun jamiyat xavfsizligi uchun xizmat qiladi.

 

Zulxumor Akbarova