Shu kunlarda dunyoda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat yanada murakkablashmoqda. 2021-yilning noyabr oyida Janubiy Afrikada paydo boʻlgan “Omicron” shtammi bugunga kelib, 105 dan ortiq davlatga kirib bordi. Yangi shtamm qator mamlakatlarda jiddiy muammolarni yuzaga keltirayotir. Epidemiologik vaziyatni yaxshilash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilayotganiga qaramay, soʻnggi kunlarda mamlakatimizda ham koronavirusga chalinish holati keskin oshdi.
Mamlakatimizda koronavirusning mutatsiyaga uchragan “Omicron” shtammi aniqlangani toʻgʻrisida Respublika maxsus komissiyasining shu yil 9-yanvardagi yigʻilishida maʼlum qilindi. Korxona va tashkilotlarda, yopiq joylarda aholini infeksion xavfdan himoya qilish usullaridan biri boʻlgan karantin qoidalariga rioya qilish talabi va tartibini kuchaytirish zarurligi belgilandi.
“Omicron”ning boshqa shtammlardan farqi shundaki, yuquvchanligi, odamdan-odamga oʻtishi kuchaygan. Bugungacha paydo boʻlgan mutatsion shtammlarga nisbatan oʻta tez tarqaluvchanligi bilan ajralib turadi. U koʻproq yuqori nafas yoʻllarini zararlaydi. Bemorda tomoq ogʻrigʻi, burun oqishi, aksirish, burun bitishi, yoʻtal, tana haroratining 1-2 kun davomida koʻtarilishi holati kuzatiladi. Kasallikning ilk kunlarida COVID-19ning asosiy belgilari — isitma, yoʻtal, hid yoki taʼm bilishning yoʻqolishi kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, bemorni bosh ogʻrigʻi, burun oqishi, aksirish, tomoq ogʻrigʻi va charchoq bezovta qiladi. Baʼzi odamlar yoʻtal, ishtaha yoʻqolishi va miyadagi ogʻirlikdan ham shikoyat qilgan. Shu bois, ushbu alomatlarning birortasi kuzatilsa, koronavirusga qarshi darhol test topshirilishi maqsadga muvofiq. Busiz hatto tajribali shifokor ham yangi shtammning alomatlarini oddiy shamollashdan ajratolmaydi. Virus bilan kasallangan bemorlarning yuqori nafas yoʻllari qattiq zararlanadi va kasallikning oʻtkir davrida bemor virus tarqatuvchisi boʻladi.
“Omicron” juda oson yuqadi. Uning moslashuvchan, yanada xatarli ekani hammani xavotirga solmoqda. Bu jarayonda emlanmagan aholining infeksiyadan himoyalanishi qiyin kechadi. Natijada epidemiologik vaziyat murakkablashishi mumkin. Bunday noxush holatning oldini olishda yagona imkoniyat vaksinadir.
“Omicron” shtammi yengil kechsa-da, emlanmagan aholi organizmida himoya antitanachalari boʻlmagani bois, kasallik ogʻir kechishi ehtimoli yoʻq emas. Shu bois, vaksina olish juda muhim. Ayniqsa, homilador va endi farzandli boʻlgan ayollar, emlashga qarshiligi koʻrsatilgan surunkali xastaliklarga chalingan aholi qatlami hamda keksalarni “Omicron” shtammi ogʻir vaziyatga solib qoʻyishi mumkin.
Koʻpgina rivojlangan mamlakatlarda, jumladan, bizning yurtimizda ham koronavirusga qarshi aholini emlash ishlari tizimli olib borilmoqda. Afsuski, vaksinalarning sifati va samaradorligiga ishonchsizlik bilan qarayotganlar ham yoʻq emas. Faoliyatimiz davomida “Emlangan odam ham kasallanadimi?” degan savolga koʻp duch kelyapmiz. Ha, kasallanishi mumkin, ammo emlanganlar organizmida maʼlum darajada boʻlsa-da, himoya antitanachalari shakllanadi. Koronavirus yuzasidagi virus toji proteini inson toʻqimalariga yopishib, zararlaydi. Koronavirus vaksinasining irsiy koʻrsatmasi esa xuddi shu jihatga qaratilgan. Emlash organizmda maʼlum xotira hujayralari paydo boʻlishi orqali moslashuvchan immunitet reaksiyasini ragʻbatlantiradi. Keyinchalik shu infeksion agent bilan zararlanish tezkor immun javobni yuzaga chiqaradi.
U organizmga tushgan infeksiyaning yengil kechishiga sabab boʻladi. Oʻz vaqtida vaksina olgan organizmda immun himoya tanachalari ishlab chiqilgani va bu jarayon davom etayotgani fikrimiz dalilidir. Shu bois, xavotir va ikkilanishga asos yoʻq.
Yurtimizga olib kelinayotgan barcha vaksinalarning sifati va samaradorligi mutaxassislar tomonidan toʻliq oʻrganib chiqilgan. Vaksinalar immunitet tizimini mustahkamlab, yuqishi mumkin boʻlgan viruslarga qarshi kurashda ishtirok etadi. Biz emlanish orqali nafaqat oʻzimizni, balki atrofimizdagilarni ham himoya qilamiz. Bugun oilaviy poliklinikalarda istalgan turdagi vaksinani olish imkoniyati mavjud.
Pandemiya davrida aholining koʻp qismi vaksina oldi. Kimdir uch oy, kimdir olti oy oldin emlangan, lekin organizmimizda koronavirus infeksiyasidan himoyalanamiz, deb olingan vaksina mutatsiyaga uchragan shtammlardan maʼlum darajada himoya qiladi. U ham kasallikning yengil oʻtishiga yordam beradigan vosita.
Shu bois, vaksina olganlar butunlay xotirjamlikka berilishi kerak emas. Chunki virus juda makkor. Emlangan boʻlsak-da, infeksiya oʻz qiyofasini oʻzgartirib, istalgan paytda tahdid qilishi mumkin. Toʻgʻri, emlanganda kasallik yengil kechadi, ammo bemor tarqatuvchi boʻlib qolishi mumkin. Emlangan boʻlsak-da, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilish talab etiladi. Biz kasal boʻlib, uni davolash uchun qancha dori-darmon isteʼmol qilib, nojoʻya taʼsirni boshimizdan oʻtkazib, uzoq muddat qiynalgandan koʻra vaksina olib, kasallikning yengil kechishini taʼminlashimiz zarur. Virusga qarshi kurashishning asosiy sharti, shubhasiz, vaksina olish.
Keyingi paytda “buster doza” degan iborani tez-tez tilga olyapmiz. Buster doza — toʻliq emlangan fuqarolarning kasallikka qarshi immunitetini mustahkamlash maqsadida yana qaytadan oladigan vaksina dozasidir. Buster doza bilan toʻliq vaksina kursini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt oʻtgan aholi vakillari emlanishi mumkin. Buster doza olmoqchi boʻlgan aholi mamlakatimizning barcha davolash-profilaktika muassasalaridagi emlash punktlarida emlanishi uchun sharoit mavjud.
Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, buster dozadan soʻng inson organizmida neytrallashgan antitanachalar miqdori koʻpayadi. Bu esa organizmda umrbod yashovchi himoya antitanachalari ishlab chiqarilishiga yordam beradi. Shu bois, buster dozani qabul qilish virusdan himoyalanish kafolati, deyish mumkin.
JSST maʼlumotiga koʻra, “Omicron” shtammiga chalingan bemorlarning 98 foizi uy sharoitida, 2 foizi esa statsionarda davolanmoqda. Chunki virusning mazkur turi, asosan, yuqori nafas yoʻllariga zarar yetkazadi.
Kasallik tez tarqalib, bemorlar soni koʻpayadigan boʻlsa, u yengil kechsa ham odamlar xavotirga tushib, statsionarga murojaat qiladi. Ammo holat qoniqarli boʻlsa, bunga ehtiyoj yoʻq. Statsionarda ogʻir ahvoldagi bemorlar uchun belgilangan oʻrin toʻlishi mumkin. Qoʻshimcha oʻrinlar ham yaratilgan. Bugun yurtimizda koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan 16 ta maxsus tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. Zarurat tugʻilsa, ushbu muassasalar sonini 132 taga, koykalar sonini esa 32 mingtaga yetkazish imkoniyati mavjud. Yengil darajada davolanadigan bemorlar uchun jami 185 mingta COVID qutisi shay holatga keltirib qoʻyilgan. Ammo hozircha bunga ehtiyoj yoʻq. Bemorning ahvoli yengil boʻlsa, vahimaga berilmaslik va oilaviy shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi. Kasallikning darajasini shifokor belgilaydi. Shifokorlarimiz yangi shtammning alomatlariga qarab davo choralarini koʻrmoqda.
Kasallikka chalinish tahlikali yoʻl ekanini hammamiz koʻrdik. Qanchaqancha tanish-bilishimiz, yaqinlarimizni yoʻqotdik. Bu kasallikka qarshi kurashishimiz koʻp jihatdan barcha aholini imkon qadar koʻproq emlash bilan bogʻliq boʻlib qolayotir. Shunday ekan, keling, oʻzimiz va yaqinlarimiz hayotiga befarq boʻlmaylik, VAKSINAni bugundan kechiktirmaylik!