Buyuk Britaniya hukumatining bosh ilmiy maslahatchisi Patrik Vallansning taʼkidlashicha, koronavirusga qarshi emlash Buyuk Britaniyada 2021-yil bahorigacha oʻtkazilmaydi va u qoʻllangan taqdirda ham COVID-19 butunlay yoʻq boʻlib ketishi mumkin emas, deb xabar beradi RIA Novosti Sky Newsga tayanib.

Telekanal maʼlumotlariga koʻra, Britaniya parlamenti qoʻmitasida soʻzga chiqqan Vallans insoniyat butunlay yoʻq qilishga muvaffaq boʻlgan yagona yuqumli kasallik bu — chechak ekanligiga ishora qildi. Koronavirusga kelsak, kelajakda unga qarshi kurash koʻproq mavsumiy grippga qarshi kurashga oʻxshaydi, dedi Britaniya hukumati maslahatchisi.

“Oʻylaymanki, biz infeksiyani toʻliq toʻxtatadigan vaksinaga ega boʻlishimiz mumkin”, — dedi Vallans. Uning fikriga koʻra, bunday vaksina 2021-yil bahorigacha “har qanday ommaviy foydalanish uchun” mavjud boʻlishi ehtimoldan yiroq emas. “Shubhasiz, vaksina paydo boʻlishi bilan kasallikni boshqarish oson boʻladi... u har yili grippga oʻxshab oʻtib keta boshlaydi”, dedi Vallans.

Soʻnggi haftalarda Buyuk Britaniyada COVID-19 kasalligi koʻpaygan. Bosh vazir Boris Jonson 12-oktyabr kuni mahalliy cheklovning yangi uch bosqichli tizimini eʼlon qildi. Dushanba kuni Uels hukumati 23-oktyabrdan 9-noyabrgacha karantin chora-tadbirlarini maʼlum qildi: nooziq-ovqat doʻkonlari, sport markazlari, mehmonxonalar va restoranlar yopiladi. Iloji boʻlsa, odamlar masofadan turib ishlashlari kerak, ular ayrim istisnolardan tashqari, uyda ham, tashqarida ham uchrashmasliklari kerak.

17-oktyabrdan boshlab Londonda keskin cheklovlar kuchga kirdi. Shuningdek, Liverpul va Lankashir grafligida qattiq karantin choralari koʻrildi.