Kuni kecha Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ta'kidlanganidek, pandemiyadan imkon qadar yo'qotishlarsiz o'tishimiz va keyingi to'lqinlarga yo'l qo'ymaslik uchun bizdan talab qilinadigan uchta muhim shartga qat'iy amal qilishimiz lozim. Zero, buning uchun barcha imkoniyatimiz mavjud.

Virusdan himoyalanish va uni engishning eng muhim sharti bo'lgan vaktsinatsiya bizga yaratilgan imkoniyat ko'plab davlatlar, xalqlar uchun havas. Bugungi kunga qadar yurtimizga 4 turdagi 13 million doza vaktsina olib kelindi. Vatandoshlarimizga qaysi turdagi vaktsina bilan emlanish bo'yicha tanlov imkoniyati berildi. Lekin biz shu imkoniyatdan to'laqonli foydalana olmayapmiz.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, e'tibor qaratishimiz zarur bo'lgan ikkinchi masala — shaxsiy gigiena va ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya qilish, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurishga nisbatan engil qarash kayfiyati paydo bo'ldi. Vaholanki, o'tgan yili karantin talablariga qat'iy rioya etib, muayyan ko'nikmaga ega bo'lgandik.

Uchinchi muhim masala — kasallik engil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan yurtdoshlarimizning dori-darmonni palapartish iste'mol qilishining oldini olish. Tan olish kerak, o'tgan bir yarim yil davomida mutaxassislarimiz koronavirusni davolash borasida etarli tajriba to'pladi. Biroq ayrim yurtdoshlarimiz bu tajribani nazar-pisand qilmay, mutaxassis tavsiyasiga emas, balki qo'ni-qo'shnisi yoki tanishining gapiga ko'proq quloq solyapti. Turli-tuman dorilarni iste'mol qilib, og'ir ahvolga tushyapti.

Mana shu holatlarni inobatga olib, Toshkent tibbiyot akademiyasi ilmiy-pedagogik jamoasi talabalarga murojaat bilan chiqdi. CHunki aholi orasida eng harakatchan qatlam — yoshlar. Ular hamma joyda hoziru nozir — ko'chada, jamoat transportida, o'quv kurslari, madaniy markazlar, sport maydonlari, turli tadbirlar...

Xususan, Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olayotgan 6 ming nafardan ziyod talaba yuqorida sanalgan joylarga qo'shimcha ravishda har kuni bemorlar oldida, shifoxona va klinikalarda bo'ladi. Demak, yoshlarni koronavirusga qarshi emlash — zarur va dolzarb masala. Bu, avvalo, burch va mas'uliyat, Vatanimiz osoyishtaligi va xalqimiz tinchligi, oilalarimiz farovonligi to'g'risida qayg'urish, degani.

Vaktsinatsiya tadbirlarida faol qatnashgan yoshlar to'lov-shartnoma summasidan 10 foizli chegirmaga ham ega bo'lishi tushuntirildi. Bugun aholi orasida vaktsina to'g'risida salbiy munosabatlar, afsuski, yo'q emas. Bu esa koronavirusni engishda yurtdoshlarimiz hamjihatligiga to'sqinlik qilayotgan eng katta omil.

Inson psixologiyasiga xos xususiyat mavjud: puli to'lanmagan xizmat qadrsiz bo'ladi. Bir paytlar odamlar grippdan himoyalanish uchun bolalarini pul to'lab emlatardi. Bugun davlatimiz butun xalqning salomatligi to'g'risida qayg'urib, mavjud muammoni bartaraf etish choralarini ko'rmoqda.

Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko'ra, birgina Toshkent shahridagi “103” xizmati CALL-markaziga bir kunda o'rtacha 4 ming 700 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Jumladan, atigi 10 kun ichida (19 iyuldan 28 iyulgacha) 46 ming 569 ta chaqiriq kelib tushgan. SHundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirus tashxisi qo'yilgan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan og'rigan 12 ming 933 nafar bemorga sifatli tez tibbiy yordam ko'rsatildi.

Har kuni televidenie va ijtimoiy tarmoqlar orqali shifoxonalarga olib borilayotgan og'ir ahvoldagi bemorlar, o'lim bilan olishayotganlar holati ochiq, takror-takror ko'rsatilyapti. Ularning o'z vaqtida vaktsina olmay shu holatga tushgani haqidagi pushaymonligi namoyish etilyapti. SHunga qaramay, aholi orasida hali-hamon vaktsina olishga shoshilmayotganlar, hatto vaktsinalar samarasiz ekani to'g'risida asossiz fikrlar bildirayotganlar uchrayapti. Agar shu insonlar bir marta koronavirusga chalingan bemorlar davolanayotgan shifoxonalarning birortasiga borib, u erdagi holatni ko'rsa yoki bemorlar bilan suhbatda bo'lsa, shu ondayoq boshqacha fikrlar va vaktsina olishga shoshilgan bo'lar edi.

Ommaviy emlanish — koronavirus pandemiyasini engishning yagona yo'li. Mamlakatimizda barcha emlanmas ekan, bu masalani hal qilib bo'lmaydi.  Kasallik aholi orasida aylanishda davom etaverishi mumkin. Butun dunyodagi sarosimali vaziyat bizga ko'p jihatdan saboq bo'lishi darkor. Ko'z o'ngimizda odamlar hayotdan ko'z yumyapti. Ming afsuski, ular orasida bolalar va homilador ayollar ham bor.

Aql yuritadigan bo'lsak, vaktsinatsiya bir odamni emas, xalqni o'ylab qilinayotgan g'amxo'rlik. Agar birlashib, ahillik bilan 70 foiz aholini emlashga erishilsa, kasallik chekina boshlaydi. YAna bir muhim jihat. Reabilitatsiya jarayoniga jiddiy e'tibor qaratish kerak. SHu o'rinda Toshkent tibbiyot akademiyasining bolalar kasalliklari profilaktikasi kafedrasida shu mavzuga bag'ishlangan to'rtta dissertatsiya ishi bajarilayotganini aytish joiz.

YOsh olimlarimiz tajribadan kelib chiqib, yurak-qon tomir va gemostaz tizimidagi o'zgarishlar, buyrak bezi va qalqonsimon bez funktsiyasi faoliyatining pasayishiga doir to'rtta ilmiy ishga qo'l urdi. Bu esa, yaqin kelajakda bolalarni reabilitatsiya qilish jarayonini yaxshilashga hissa qo'shadi.

Turdiqul BOBOMURODOV,

Toshkent tibbiyot akademiyasi prorektori