“Vardonze qo'rg'oni” arxeologik yodgorligining muhofaza hududiga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlandi

    Buxoro viloyatidagi “Vardonze qo'rg'oni” arxeologiya yodgorligi hududiga zarar yetkazilayotganligi bo'yicha Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligiga kelib tushgan murojaat Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda o'rganildi.

    Ma'lumot o'rnida: IV-XV acplarga oid ushbu ob'yekt davlat muhofazasida bo'lib, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk ob'yektlari milliy ro'yxatini tasdiqlash to'g'risida”gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk ob'yektlari milliy Ro'yxatida 603-raqam bilan moddiy madaniy meros ob'yekti sifatida ro'yxatga olingan.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi PQ-4038-son qarorining 11-bandiga ko'ra, ob'yektni Umumjahon madaniy merosi ro'yxatiga kiritish bo'yicha 2021 yil 4 oktyabrda YUNESKOga taklif kiritilgan.

    O'rganish jarayonida Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “To'ymurod Xolmurod o'g'li” fermer xo'jaligi rahbari A.Q. tegishli idoralarning xulosalarini olmasdan ob'yektning muhofaza hududini og'ir texnika yordamida surib, yer qazish, yer tuzish, ekin ekish va melioratsiya ishlarini amalga oshirganligi, jumladan, ariq qazib, fermer xo'jaligi yer maydonini arxeologiya ob'yekti muhofaza maydoni hisobidan kengaytirganligi ma'lum bo'ldi. Bu esa ob'yektning Rabod qismi madaniy qatlami yo'qotilishi, hududdagi saksovul daraxtlarining nobud bo'lishi hamda yer qa'rida saqlanib kelayotgan qadimgi tarixiy topilmalarning yo'qotilishiga sabab bo'lgan.

    O'rganish yakunida arxeologiya yodgorligining Rabod qismi yer maydonining 1.800 kvadrat metr qismiga shikast yetkazilishi oqibatida davlat manfaatlariga 26 mlrd. 730 mln. so'mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.

    Agentlik tomonidan to'plangan hujjatlar asosida ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

    Jinoyat ishi dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Buxoro viloyat prokuraturasiga yuborildi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
    Axborot xizmati