Qonun loyihasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy boʻlinmalarini yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berish borasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Bolalarga tarbiya, taʼlim berish va sogʻligʻini saqlash boʻyicha masʼul shaxslarga oʻz majburiyatlarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, vasiy yoki homiyni belgilash vakolatini hokimlardan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktoriga oʻtkazish taklif etilmoqda.

Loyihada notariuslar zimmasiga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash boʻyicha murojaat qilingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borish majburiyatini yuklatish belgilanmoqda.

Shu bilan birga, zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmaganligi uchun vasiylik, homiylik yoki tutingan ota-onalik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslarga bolalar farzandlikka berilmasligi va ular vasiy yoki homiy etib tayinlanmasligi koʻzda tutilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlarini kafolatli himoya qilishni taʼminlashga xizmat qiladi.