Shu bois, bizni doimiy xavotirga soladigan masalalardan biri maʼnaviy boʻshliqdir. Maʼnaviy boʻshliq jamiyatni ichkaridan yemiruvchi sokin jarayon. Bu boʻshliqni toʻldiradigan yagona kuch esa vatanga muhabbat, ajdodlar qadriyatiga sadoqat hamda oʻzligini anglash istagidir. Ajdodlarimiz ham taʼlim va tarbiyaning eng muhim omili sifatida maʼnaviyat va maʼrifatga alohida ahamiyat bergan. Zero, bunday avlod hech qachon yot gʻoyalarga ogʻishib, oʻz vatanidan kechmaydi.
Vatan shunchaki yer emas, yurak qoʻridagi betakror tuygʻu. Kimdir vatanni faqat chegara, bayroq yoki pasportdagi yozuv, deb bilishi mumkin. Aslida u ona tiling, volidangning duosi, mahallangdagi keksa otaxonning purmaʼno suhbati, maktabdagi ilk ustozing, bolalikda otang bilan sayr qilgan goʻshang, onang boshingga qoʻndirgan milliy doʻppi, u pishirgan taom hididir. Agar yosh avlod ongida bu qadriyatlar mustahkam oʻrnashmagan boʻlsa, inson nafaqat vatanini, balki oʻzligini ham yoʻqotadi.
Vatanga xizmat qilishning shakllari koʻp. Ammo ular orasida ilm bilan xizmat qilish alohida ahamiyat kasb etadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zamonamizning bunday qahramonlari laboratoriyalarda, darsxonalarda, shifoxonalarda va boshqa koʻplab dargohlarda ulugʻvor niyat bilan ishlayotgan insonlardir. Ular bilak kuchi bilan emas, bilim va fidoyilik quvvati ila vatanni yuksaltirishga hissa qoʻshmoqda.
Keling, bir daqiqa oʻyga tolib, vatanga munosabatimiz haqida oʻylaylik. Bobolarimiz agar vatan yurakda boʻlsa, hech qachon yoʻldan adashmaysan, deb bejiz aytmagan. Chunki ayni tuygʻu seni doim toʻgʻrilik sari yetaklaydi. Bu yoʻlda asosiy yoʻldosh esa, shubhasiz, maʼnaviyatdir.
Maʼnaviyat insonning ichki dunyosi, yuragi, niyati, axloqi va ongiyu eʼtiqodidir. Bu insonni boshqa jonzotlardan farqlab turadigan asosiy belgi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Maʼnaviyat jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʻlsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shuncha kuchli boʻladi”.
Inson texnikani yaratishi mumkin, ilmda yuksalishi mumkin, lekin agar u maʼrifat jihatidan ojiz boʻlsa, bu yutuqlarning barchasi maʼnosiz boʻlib qoladi. Bunday tafakkur yaratgan ixtiro ham vayronkorlikka xizmat qiladi. Tarix bizga koʻp saboqlar bergan. Bu saboqlarning eng achinarlisi shundaki, ilm va tafakkur yuksak, ammo maʼnaviyatga suyanmagan boʻlsa, kashfiyotlar ham insoniyatga nur emas, zulmat olib kelgan. Demak, yuksak aql va past maʼnaviyat xavfli uygʻunlikdir.
Yorqin kelajakka yoʻl faqatgina komil tarbiya koʻmagida paydo boʻladi. Bugun yoshlarni nafaqat bilimli, balki toʻgʻrilikka intiluvchi, axloqli, fidoyi va maʼsuliyatli inson sifatida tarbiyalash – jamiyat oldidagi eng muhim vazifa. Maʼnaviyat boʻlmasa, oʻqituvchi ustoz emas, oddiy mutaxassis boʻlib qoladi, muhandis texnika yaratadi, lekin inson hayotini yengillashtirmaydi.
Shuningdek, maʼnaviy tarbiya zamon talabi hamdir. Koʻplar bugungi yoshlarning maʼnaviyatsizligidan noliydi. Ammo savol: oʻzimiz ularga qanday munosabatda boʻlyapmiz? Ularga faqat “kitob oʻqi”, deb aytish yetmaydi. Ular hammasini amalda koʻrishi kerak – ustoz nasihatida, ota-ona tarbiyasida, televideniyeda, mahallada. Har bir soʻzimiz, har bir harakatimiz ularga ibrat boʻlishi lozim.
Bugungi dunyo koʻplab sinovlarni boshdan kechirmoqda: urushlar, axloqiy inqirozlar, ruhiy tushkunlik, ijtimoiy adolatsizlik... Bularning aksariyatini faqat moddiy resurslar emas, balki maʼnaviy kuch yengadi. Yoshlarda vatanparvarlik, halollik, mehr-shafqat, ajdodlarga hurmat, oʻzligiga sodiqlik singari sifatlarni uygʻotsak, u jamiyatni hech qanday kuch egolmaydi.
Texnika eskiradi, zamon almashadi. Ammo inson qalbini yoritadigan kamolot nuri zavol topmaydi. U yoʻq joyda zulmat, adashish, befarqlik hukm suradi. Shuning uchun har birimiz, eng avvalo, oʻz qalbimizni tozalab, atrofimizdagi odamlarga ilm-maʼrifat nurlarini ulashishimiz lozim. Shundagina jamiyat sifatidagi ulugʻvor maqsadlarimiz roʻyobi tezroq sodir boʻladi.
Cadoqat SIDDIQOVA,
Buxoro davlat texnika universiteti rektori