Umida 2-3 yoshga kirganida mozaika va konstruktorli oʻyinlarni qunt bilan oʻynar edi. Otasi va opalari dona surganda ham, xuddi kattalardek sinchkovlik bilan oʻyinni kuzatar, butun eʼtibori shaxmat doskasida boʻlardi. Shundanmi ota-onasi qizaloqni “kichkina sinchi” deb chaqirardi. Besh yoshga yetganida esa Umida ham kattalar bilan mustaqil shaxmat oʻynay boshladi. Onasining eslashicha, u qoʻgʻirchoqlardan voz kechib, ot oʻynatib, fil surar edi. Mashgʻulotlarga shu darajada qiziqib ketdiki, opalarining maktabdan, otasining ishdan kelishini intizorlik bilan kutib oʻtirardi. “Kichkina sinchi” shu tariqa shaxmat sir-asrorlarini oʻrgana boshladi. Undagi ishtiyoqni koʻrib xursand boʻlgan otasi Umidani shaxmat toʻgaragiga olib bordi. Murabbiy qizning puxtalik va diqqat bilan shaxmat oʻynashini koʻrib, juda quvondi.

Bolaligidan tafakkur mashqi bilan muntazam shugʻullanib kelayotgan Umida Omonova ota-onasi va ustozlari ishonchini oqladi, deya baralla ayta olamiz. Axir, u koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Hozir poytaxtimizdagi 266-maktabning 8-sinfida oʻqiyotgan qizni ikki karra jahon, oʻn karra Osiyo va Oʻzbekiston chempioni, desak ishonasizmi?!

Intiluvchan Umida 11 yoshida Xitoy Xalq Respublikasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida 9 imkoniyatdan 8,5 ochko jamgʻarib, sport ustaligiga nomzod talabini bajardi. Shu yili mazkur mamlakatning Panjin shahrida tashkil etilgan Osiyo chempionatida 13 yoshgacha qizlar oʻrtasida shaxmatning standart, blis hamda rapid yoʻnalishlarida yuqori oʻrinlarni band etib, ikkita oltin va bitta kumush medal sohibasi boʻldi. 2018-yilda esa Tailandning Chiangmay shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida oʻz yosh toifasidagi qizlar oʻrtasida gʻalaba qozonib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Xuddi shu yili Belarus Respublikasida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida ham ikkita oltin medalga ega boʻldi. Qolaversa, Shri-Lanka hamda Ispaniya davlatlarida boʻlib oʻtgan musobaqalarda ham gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Intilishlari samarasi oʻlaroq, Umida Omonovaga 2019-yilda FIDE ustasi unvoni berildi. Shu tariqa u Oʻzbekiston tarixida ushbu unvonni qoʻlga kiritgan eng yosh ayol masterga aylandi. Oʻtgan yili esa Xalqaro shaxmat akademiyasi va Sharja shaxmat klubi hamkorligida oʻtkazilgan “Talantli yoshlar-2020” xalqaro blis turnirida birinchi oʻrinni egalladi. Sanayversak, Umidaning yutuqlari koʻp. Aytish joizki, yoshlarning mana shunday yuksak choʻqqilarni zabt etishi yurtimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor natijasidir.

Sport yosh avlodni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, aholi salomatligini mustahkamlash orqali jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptiradi. Shu bois mazkur yoʻnalishni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli sportchilarimiz jahonning nufuzli musobaqalarida qator gʻalabalarni qoʻlga kiritib, xalqimiz salohiyatini butun dunyoga namoyon qilmoqda. Umida mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yoshlardan.

— Umidaning oʻziga ishonchi avvaldan baland edi, — deydi murabbiyi Vladimir Yegin. — Shuningdek, shaxmatdagi har bir qoidani qunt bilan oʻrganar, tengdoshlari oʻyinini ham oʻta ziyraklik bilan kuzatar edi. Mana shu intilishlari uning katta yutuqlarni qoʻlga kiritishiga sabab boʻldi. Men undagi tirishqoqlikni judayam qadrlayman.

Xalqning, ota-onasining ishonchini oqlagan, koʻpchilik eʼtirofiga, murabbiylarining tahsiniga sazovor boʻlgan Umida Omonova joriy yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Albatta, bu yutuq uning zimmasiga yana-da ulkan masʼuliyat yuklaydi.

— Vatan farzandi sifatida yuragi yonib, harakatni boshlagan inson jiddiy izlanishi, shijoat bilan yashashi lozim, — deydi Umida Omonova. — Bugun bizning intilishimiz, yuksak marralarni zabt etishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Prezidentimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlaganida oʻz oldimga yana-da katta maqsadlarni qoʻydim. Vatanimiz nomini yuksaklarga koʻtarish uchun tinmay harakat qilishim, oʻz ustimda ishlashim zarurligini angladim. Men, albatta, tinimsiz izlanaman va Prezidentimiz ishonchini oqlayman. Tengdoshlarimga oʻz orzulari va tanlagan kasbi yoʻlida hech ham tolmaslikni tilayman.

Bugun yurtimizda barcha sohalar rivojiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bundan qoʻzlangan maqsad: yoshlarning bilimli va yetuk kadr boʻlib yetishishi, jahon minbarlarida bayrogʻimizni baland koʻtarishi. Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida harakat qilayotgan Umida kabi yoshlar uchun yurtimizda barcha imkoniyat muhayyo.

Feruza JOʻRAYEVA, jurnalist