Shunday tadbirlardan biri Toshkent shahri “Bilim” axborot-kutubxona markazi tasarrufidagi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon nomidagi kutubxonada oʻtkazildi.

“Istiqlol fidoyisi — tarix sahifalarida” nomli davra suhbatida Olmazor tumani hokimligi, Oqsaroy kutubxonasi xodimlari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, nuroniylar, oʻquvchi-yoshlar qatnashdi.

Tadbir davomida Islom Karimov asarlarining koʻrgazmasi tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi homiylik kengashi aʼzosi Tatyana Karimovaning samimiy soʻzlari va tilaklari bildirilgan videomurojaati onlayn taqdim etildi. Shu bilan birga, atoqli arbobga bagʻishlangan “Tarixsiz kelajak yoʻq” nomli videorolik namoyish etildi.

Soʻng Islom Karimov asarlarining yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati, uning hayoti va faoliyatining eng tahlikali davrlaridan sanalgan 1986–1989-yillar xususida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, tarjimon Zikrilla Neʼmat, shoir Davron Rajab hamda xalq deputatlari Olmazor tumani kengashi deputati Toʻlqin Eshbek soʻz yuritdi. Nuroniy otaxon yoshlik davridagi qiyinchiliklar haqida soʻzlab, hozirgi dorilomon kunlarni qadrlash kerakligini taʼkidladi.

Tadbir yakunida Oqsaroy kutubxonasi nomidan barcha ishtirokchilarga Birinchi Prezident Islom Karimov asarlari esdalik sifatida tarqatildi.

Sevara XUDOYBERDIYEVA,

“Bilim” axborot-kutubxona markazi mutaxassisi