Koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga ulkan hissa qoʻshdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortigʻi qahramonlarcha halok boʻldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim taʼminot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan Oʻzbekistonga koʻchirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh goʻdaklarni bagʻriga olib, ogʻir damlarda ularga beqiyos gʻamxoʻrlik koʻrsatdi.
Xalqimizning tarix sahifalariga oʻchmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, oliyjanobligi, mehr-muruvvati va yuksak maʼnaviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz gʻurur-iftixor bagʻishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.
Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok boʻlgan Oʻzbekistonning barcha oʻgʻlonlari xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan barcha kishilarning hurmatini joyiga qoʻyish maqsadida Prezidentimizning 2022-yilning 29-apreldagi “9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori hamda mazkur qaror bilan ijroga qaratilgan dasturga muvofiq “Inson qadri ulugʻ — xotira muqaddas”, “Mardlik va jasorat — hamisha barhayot” shiorlari ostida kompleks tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahar Sergeli tumanida joylashgan 300-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida, Sergeli tumani Ichki ishlar boshqarmasi va Sergeli tumani hokimiyati masʼul xodimlari, FVV Akademiyasi jamoasi, Toshkent shahar xalq taʼlim bosh boshqarmasi hamda Sergeli tumani xalq taʼlim boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda “Vatan himoyasi - sharaflidir, ehtiromdadir!” shiori ostida “9-may — Xotira va qadrlash kuni”ga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilari, Afgʻon urushi faxriylari, mehnat faxriylari, FVV Akademiyasining orkestri va harbiy xizmatchilari, Sergeli tuman hokimiyati, Toshkent shahar va Sergeli tumani xalq taʼlimi boʻlimi masʼullari, Sergeli tuman IIB xodimlari, Milliy Gvardiya harbiy xizmatchilari, “Vatanparvar” tashkiloti, “Madadkor” mahallasi faollari, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir Oʻzbekiston bayrogʻini tantanali olib kirish bilan boshlandi va shundan soʻng, belgilangan maydondan 300 – sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi qoshida tashkil etilgan vatanparvarlik toʻgaragi aʼzolari, ishtirokchi oʻquvchilar, Afgʻon jangchilari, FVV Akademiyasining orkestri, Ichki ishlar xodimlari bilan bilan bir safda qoʻshinlarning harbiy liboslarida saf bilan tantanali yurib oʻtishdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan tadbirda Vatanparvarlik toʻgaragi aʼzolari va FVV Akademiyasining orkestri tomonidan ijro etilgan, Ulugʻ Vatan urushini xotirlovchi va jonajon Vatanimizni madh etuvchi, kuy-qoʻshiqlar, turli xil raqslar namoyishi hamda milliy liboslardagi badiiy chiqishlar va sheʼrlar, harbiylarning turli chiqishlari, ayniqsa, otliq posbonlar koʻrigi, harbiy texnika koʻrgazmali namoyishlari oʻquvchi yoshlarda ulkan taassurotlar qoldirdi hamda ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyati ulashdi.
Tadbir yakunida, Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilari, Afgʻon urushi faxriylariga tashkilotchilar tomonidan “Tashakkurnoma" va esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi Matbuot xizmati