Chinakam alp o'g'lonlarga xos yurish, viqor, salobat, ayniqsa, vatanga muhabbatni durkun yigitlarda ko'raman. Davlatimiz ramzlari qabul qilingan sanalarda o'tkaziladigan tadbirlarni ham mard o'g'lonlar, yurt posbonlarisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Shu o'rinda joriy yilning 10 dekabr` kuni madhiyamiz sharafiga bo'lib o'tgan tadbirdagi bir lavhani alohida tilga olgim keldi.
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Gulbahor erqulovaning “Madhiyam” qo'shig'i yangray boshlashi hamono maydonni go'yoki dengizday to'lqinlangan O'zbekiston bayrog'i egalladi. Taxminan 100 metrlar keladigan bayroq matosining ostida kamida 100 nafar milliy gvardiya yigitlari va harbiylar shaxdam borardi. Bu holat tadbirdagi kattayu kichikni hayratga soldi. Aksariyat yoshlar go'zal bu ko'rinishni foto va videolarga muhrladi. Bayroqning ostida mag'rur yurib borayotgan har bir yigitga havasim keldi. Mana, vatanparvarlik, mana chinakam muhabbatlilik, sodiq farzandlik. Agar hammamizning qalbida shunday vatanparvarlik tuyg'usi jo'sh urib bo'lsa bormi...
Nima uchun harbiylarga ma'naviyat chuqur singdiriladi?
Yaqinda Nukusdagi harbiy qismlarning birida yangidan qurilgan ko'rkam Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda qism shtabi binolari foydalanishga topshirildi. Markazdagi zamonaviy kutubxona, muhtasham tadbirlar zali harbiy xizmatchilarning ma'naviyatini yuksaltirishga xizmat qilsa, zamonaviy jihozlangan sport zali ularning jismoniy barkamolligida muhim omil bo'ladi. Yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlardan askarlarning ko'ngli tog'dek ko'tarilgani aniq.
Harbiy qismlarda bunday maskanlarning tashkil etilishi milliy armiyamiz qudratini, salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega, albatta.
—Davlatimiz rahbarining “O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi qarori O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining ma'nan yuksalishida muhim omil bo'ldi, — deydi Mudofaa vazirligining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Mansurjon Mo'minov. — Ayniqsa, qaror bilan haftaning har juma kuni “Ma'naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” etib belgilangani bo'lajak harbiylarning ma'naviy dunyoqarashini kengaytirish, ularni teran fikrlaydigan, vatanga chinakam sadoqatli etib tarbiyalashga xizmat qilyapti. Shuningdek, harbiy soha rahbarlarida ham intizom bilan birga ma'naviy-ma'rifiy tafakkurni doimiy boyitib borish muhim o'rin tutadi. Ularning boshqaruvchilikka xos fazilatlarini yuksaltirish, harbiy ofitserlarni armiya va xalqimiz hamjihatligini his etgan holda tayyorlash bugungi kun talabidir.
Bu yo'nalishda vazirlik tizimda amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qiladigan bo'lsak, bugungi kunda harbiy xizmatchilar va ular oila a'zolarining ma'naviy qiyofasini tubdan o'zgartirish yuzasidan olib borilayotgan ma'naviy-ma'rifiy ishlar yangi tizim asosida tashkil etilganligi o'zining ijobiy natijalarini namoyon qilmoqda. Jumladan, 2021-yilda vazirlik va idoralar o'rtasida ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlarni tashkil etish maqsadida o'tkazilgan “eng namunali vazirlik va idora” tanlovida Mudofaa vazirligi faxrli 1-o'rinni egallab, “Damas” avtomobili hamda 15 million so'mlik badiiy adabiyotlar to'plami bilan taqdirlangani sohada amalga oshirilgan shunday ishlarimizning yorqin namunasidir.
O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyasining Qurolli Kuchlar tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishda munosib hissa qo'shgan harbiy xizmatchilar hamda fuqarolarga harbiy xizmatchilar va yoshlarning ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirishga katta ta'sir ko'rsatgan ishlari va yutuqlari uchun “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar a'lochisi” ko'krak nishoni taqdim etilayotgani esa soha vakilari orasidan ko'plab ma'naviyat fidoyilarini kashf etmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda harbiy qismlar komandirlarining ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo'yicha maslahatchisi — Madaniyat markazi boshlig'i (Qurolli Kuchlar xizmatchisi) lavozimlari egalariga qo'shimcha ustama haq to'lanayotgani ham sohada ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yuksaltirishga bo'lgan e'tiborning amaldagi ko'rinishidir.
Harbiy xizmatchilarimiz orasida qadimiy va betakror diyorimizdan etishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma'naviy merosini, umumbashariy tsivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan ulug' ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol etkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o'rganish va targ'ib etish, yoshlarimizni o'zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o'rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida harbiy qism va muassasalarda “Men 30 ta kitob o'qiyman” shiori ostida ko'plab ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, “Kitobxonlik” bellashuvlari o'tkzilib, bu tadbirlar davomida kitob yarmarkalari uyushtirilishi an'anaga aylangan.
Mana shunday sa'y-harakatlar natijasi o'laroq “Xalq va armiya bir tanu bir jondir!”, “Vatanga xizmat oliy fazilat” “Mard askar yoshlarga namuna!”, “Askar-mahalla mehmoni!” “Askar onalarini sharaflaymiz!”, “Mening akam Vatan himoyachisi!” kabi ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning ko'lami yanada kengayib, ta'sirchanlik kuchi ortib boryapti. Harbiy orkestrlar va badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan o'tkazilgan noana'naviy “fleshmob”, “harbiy vatanparvarlik festivallari” odamlarimizda iliq taassurot va armiyamizning ertangi kuniga ishonch uyg'otyapti, desak xato bo'lmaydi. Muddatli harbiy xizmatchilarning o'zlari katta bo'lgan mahallalarga tashrif buyurib, tadbirlar tashkil etishi (2021 yilda 800 ga yaqin), “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi!” shiori ostida yurt tinchligi yo'lida fidoyilik ko'rsatgan faxriylar hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan harbiy xizmatchilarning oila a'zolari holidan xabar olish (1100 ga yaqin) kabi ezgu ishlarning zamirida avvalo yuksak ma'naviyatga e'tibor turibdi.
Inson qaysi sohada ishlamasin, qalbida vatanga bo'lgan muhabbat alangalanib, yurtga sadoqat bilan xizmat qilishning naqadar sharafli ekanini anglab tursa, Vatan, xalq ham uni sevadi. Bunday inson hech qachon vatanga xoinlik qilmaydi. SHunday ekan, askarlarimizning yurtga sadoqatli bo'lishi, armiyaning xalq bilan jipslashishi uchun ham ma'naviyat suv va havodek zarur.
Bayram shukuhi, tadbirlar zavqi harbiylarga kuch bag'ishlaydi
YAqinda bir ayol bilan suhbatda bo'lib qoldim. Xorazmda harbiy xizmatda bo'lgan o'g'lining oldidan kelayotgan ekan. Ayol atrofdagilar bilan muomalasi, nutqi ham u qadar bo'lmagan o'g'lining so'zamol, kirishuvchan bo'lib qolganidan xursand. Farzandining odobi ziyoda bo'lib, yurish-turishda ham tartibga tushib qolgani uchun komandirlarga rahmat aytganini ham yashirmadi.
Bu ayol kabi minglab onalar bugun milliy armiyamiz safida xizmat qilayotgan farzandlarini ko'rish, hatto ularning qanday shart-sharoitda ekani bilan bemalol tanishish imkoniga ega.
Uzoqqa bormaylik, kuni kecha Havo hujumidan mudofaa qo'shinlari va Harbiy havo kuchlari qo'mondonligiga qarashli Farg'ona garnizonidagi harbiy qismda yigitlik burchini ado etayotgan muddatli harbiy xizmatchilar va Toshkent harbiy okrugida muddatli harbiy xizmatni o'tayotgan askarlarning ota-onalari bilan videomuloqot o'tkazildi. Muddatli harbiy xizmatchilar ota-onalari bilan dildan suhbat qildilar. Vataniga xizmat qilayotgan farzandi bilan faxrlanishi va farzandi kelgusida ham qasamyodiga sodiq bo'lishini aytgan ota-onalarga qism qo'mondonligi tomonidan berilgan esdalik sovg'alar va tashakkurnomalar ularni yanada to'lqinlantirib yubordi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Shu kunlarda hayajon va zavqli onlarga to'la yuqorida tadbirlarning keti-ketiga ulanib, harbiy qismlarda bayram shukuhi kezib yuribdi.
Angren garnizonidagi harbiy qismda O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g'oyani harbiylar qalbiga yanada chuqurroq singdirishga xizmat qildi. Uchrashuvda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining Toshkent viloyati vakili Xayriniso Mirzajonova, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artistlar Hurriyat Isroilova, Maqsadxon YUnusova, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Muqaddas Abdusamatova, Toshkent viloyati “Nuroniy” jamg'armasi boshlig'i esonali Qoraboev, Angren shahar hokimi o'rinbosari Salim Anorboevlarning ishtirok etgani harbiy xizmatchilar ko'nglini tog'dek ko'tardi.
— Bugun armiyada xizmat qilayotgan o'g'il-qizlarimizga ko'zim tushganida boshqacha to'lqinlanib ketaman. Ular Vatan degan muqaddas dargohni himoya qilyapti. Insonning qalbidan tashqarida boshqa qalbi bo'lmaganidek, vatandan tashqarida ham Vatan yo'q. Ana shu Vatanni himoya qilish barcha ulug' ishlarning ulug'i. Buni hech narsa bilan o'lchab bo'lmaydi. Bunday ulug' ish nasib qilgan insonlar esa ulug'larning ulug'idir. Askarlarni ulug' insonlar degim keladi. Negaki, ular millatni Vatanni himoya qilish bilan birga kelajakni, xalqning o'zligini, orini, nomusini himoya qiladi. Men harbiylarni nafaqat qo'riq-qalqon, balki ko'nglimizga osoyishtalik, umid berayotgan qudratli kuch, deb bilaman, — deydi O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi Qo'chqor Norqobil.
Yozuvchi aytganidek, bizga qo'riq-qalqon bo'layotgan mardlar safida ayollarning ham bor ekani tahsinga sazovor.
Mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashda o'zining ulkan hissasini qo'shib kelayotgan, yuksak ma'naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo'lish barobarida xizmat majburiyatlarini muvaffaqiyatli bajarayotgan harbiy xizmatchi ayollarni qo'llab-quvvatlash, ularning ilg'or tajribalarini ommalashtirish maqsadida Toshkent shahridagi harbiy qismlaridan birida “To'maris izdoshlari” tanlovining qo'mondonlik bosqichi o'tkazildi.
Ishtirokchilarning pnevmatik quroldan o'q otish kabi amaliy mashg'ulotlar barobarida badiiy chiqishlarga ham jiddiy yondashgani ular ijro etgan she'rlar, monologlarda aks etdi. Savol-javoblarda ham zukko, tezkor bo'lgan harbiy ayollar mohir qo'llar, “Ayol ojiza emas — mo''jiza” kabi tanlov shartlarida ham o'zaro bellashdilar.
Shuningdek, ishtirokchilarning erkin mavzu shartiga ijodiy yondashgan holda ichkilikbozlik, giyohvandlik, oilaviy ajrimlar kabi og'riqli muammolarni sahna ko'rinishlari orqali ifodalab berganligi ushbu tadbirning tarbiyaviy jihatdan ham nechog'lik ahamiyatli ekanligini namoyon etdi. Mard o'g'lonlar bilan bir safda vatan himoyasiga shay turgan ayol harbiy xizmatchilarimizning mas'uliyatli va faoliyati haqiqiy vatanparvarlik timsoli hisoblanadi. Bunday ayollari, onalari bor millatning farzandlari — ertasining egalari ham vatanparvarlik ruhida tarbiya topadi.
O'sib kelayotgan yosh avlod qalbida vatanparvarlikni, yurt taqdiri va uning mustaqilligi uchun mas'uliyat hissi, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, milliy armiyamizdan g'ururlanish tuyg'ularini kamol toptirish maqsadida Mudofaa vazirligining “Vatanparvar” birlashgan tahririyati tomonidan “Qancha shoning bo'lsa Vatanni ko'tar!” nomli shoir va havaskor yoshlar o'rtasida bo'lib o'tgan tanlov ham diqqatga sazovor.
2021-yilning so'nggi ikki oyi davomida etmishdan ko'p ijodkorlardan jami 250 dan ortiq ijodiy ishlar tahririyatga kelib tushgani ham odamlarimizda vatanparvarlik tuyg'usi tobora yuksalayotganidan darak beradi. SHu bilan birga ellikka yaqin ishtirokchining she'rlari “Vatanparvar” gazetasi sahifalarida e'lon qilinganini quvonch bilan ta'kidlab o'tish joiz.
Ijod namunalari eng yaxshi, deb topilgan bir guruh g'oliblarni taqdirlash marosimi Qurolli Kuchlar davlat muzeyida bo'lib o'tdi. Sara ijodkorlarga diplom va pul mukofotlari berildi.
Tanlovda II darajali diplom va pul mukofoti bilan taqdirlangan shoira Zamira Ro'zieva qo'shni davlatlarda notinchlik hukm surayotgan ayni kunlarda mana shunday tadbirlarning ahamiyati yuksak ekanini ta'kidladi. — Vatanparvarlik haqidagi she'rlar, qo'shiqlarni yoshlar ongiga singdirib borish ularni yurtning asl farzandlari etib tarbiyalashda g'oyat zarur, — dedi shoira.
Ha, jannatmakon yurtimiz, musaffo osmonimiz, sarhadlarimizni Vatan himoyachilariga ishonganmiz. Davlatimiz rahbari asosli ta'rif bergan jamiyat hayotining joni va ruhi — ma'naviyat orqali ularning qalbiga qadalayotgan ezgulik, xalqimizga xos go'zal fazilatlar nish urar ekan, mustaqilligimiz abadiy bo'ladi.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri