"Insoniyat bugun katta xavf-xatar va tahdidlar kuchaygan sharoitda yashash va hayot kechirishga majbur boʻlmoqda.

Sharqiy Yevropa mintaqasida taranglashayotgan siyosiy vaziyat barchamizdan ogohlik va chuqur tafakkur bilan ish koʻrishni talab etadi.

Afsuski, bunday voqealar ayanchli oqibatlarga olib kelishi bilan birga, qanchadan-qancha davlatlardagi rivojlanish jarayonlarini bir necha yillarga orqaga surib yuborishi mumkin.

Bugun dunyoning turli nuqtalarida koʻp sonli vatandoshlarimiz istiqomat qilib kelmoqda.

Biroq, olib borilayotgan muloqotlar va tushuntirish ishlariga qaramay, ayrim vatandoshlarimiz turli davlatlarning manfaatlariga xizmat qiluvchi baʼzi manbalarga tayanib, maʼlum miqdordagi pul mablagʻlari, katta vaʼdalar, jumladan, turli shartnomalar tuzish orqali fuqarolik berish va boshqa chaqiruvlarga uchib, shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishlari ortidan xatarli vaziyatlarga tushib qolmoqda.

Birgina misol, ayrim yurtdoshlarimizning bilib-bilmay va chuqur anglamagan holda Suriyaga borib, turli jangari guruhlarga qoʻshilib qolganliklari, oxir-oqibat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyasi koʻmagida ona Vatanga qaytarilgani barchamizga ayon.

Shu munosabat bilan, xorijdagi vatandoshlarimizni quyidagi tavsiyalarga amal qilishga chaqiramiz:

- boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik;

- har xil chaqiriqlar va oqimlarning aldovlariga ishonmaslik;

- hech qanday ziddiyatli va qurolli vaziyatlarga aralashmaslik;

- oʻqotar qurollarni qoʻlga olmaslik va ulardan foydalanmaslik (gʻayriixtiyoriy ravishda qotilga aylanib qolmaslik);

- vaziyatni chigallashtiruvchi hech qanday shiorlarni targʻib qilmaslik;

- nizolashayotgan taraflarning bayrogʻi, madhiyalari, ramzlari va shiorlarini ishlatmaslik (Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan salbiy munosabat shakllanib qolishining oldi olinadi).

Yuqoridagi holatlarga aralashish belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlishini yana bir bor eslatgan holda, bugun dunyoda kuzatilayotgan vaziyatda neytral pozitsiyani ustuvor qoʻyishni tavsiya etamiz.

Dunyoning qaysi oʻlkasida boʻlmaylik, aziz Vatanimiz – Oʻzbekistonning obroʻsi, eʼtibori, shaʼni–shuuri va xalqaro imidjini saqlash muqaddas burchimiz ekanligini unutmaylik!

Hurmatli vatandoshlar!

Tinchlik, bu – oliy neʼmat, uni asrashga barchamiz masʼulmiz!", deyiladi murojaatda.