Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasi koʻmagida Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlar va faollar tomonidan ilgari surilgan “Buxoro — yashil makon" xayriya loyihasining soʻnggi bosqichi doirasida Buxoroda daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Umumiy hisobda Buxoroni koʻkalamzorlashtirish va shahar havosi sifatini yaxshilash hamda suv toshqinlarining oldini olish kampaniyasi doirasida 6,5 ming tup daraxt va buta koʻchatlari ekildi. Oʻzbekiston landshaft sanʼati assotsiatsiyasi va bir qator koʻngillilar loyihaning asosiy tashabbuskori, Buxoro shahri hokimligi esa qabul qiluvchi tomon sifatida qatnashdi.

Loyihaning umumiy qiymati 100 ming yevroni tashkil etadi. Bu Britaniyadagi oʻzbek diasporasi va tadbirkorlar orasida oʻtkazilgan keng targʻibot va tashviqot ishlari natijasi oʻlaroq hamda  YETTBning maxsus jamgʻarmasi tomonidan yashil rivojlanish sohasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mablagʻlarni jalb qilish orqali toʻplangan.

Loyiha tashabbuskori va menejeri, hozirgi paytda YETTBning Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Kamola Mahmudova va uning loyiha hamkori — Kembrij universiteti doktori Timur Yunusovning fikr bildirishicha, loyiha ilgʻor ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, Buxoroning iqlim sharoitlari inobatga olingan holda amalga oshirilgan.

YETTB tomonidan ushbu tashabbus faol qoʻllab-quvvatlanishining ahamiyatli jihatlaridan biri, mazkur loyiha nafaqat Oʻzbekiston miqyosida, balki butun mintaqada ijtimoiy va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ilk xususiy loyiha ekanligidadir. Kelgusida YETTB koʻmagida ushbu dasturni Oʻzbekistonning boshqa shaharlarida ham amalga oshirish rejalashtirilgan.