Maʼlumki, har bir xalqning tili shu davlatning timsoli, mulki, ruhi, madaniy va maʼnaviy boyligi, qolaversa, shu millat madaniyati, urf-odati, turmush tarzini ifodalovchi eng muhim vositadir. Shukrki, mustaqillik sharofati bilan ona tilimiz, bebaho boyligimiz oʻzimizga qaytdi. Bu yoʻlda ne-ne ajdodlarimiz zahmat chekib, mehnat qilmagan, umrlarini bagʻishlamagan deysiz.
Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy kabi allomalarimiz tilimiz qaddini tiklashda fidoyilik koʻrsatgani tarixdan maʼlum. Ulugʻ mutafakkir bobomiz Hazrat Alisher Navoiy oʻzbek tilining oʻz davrida taomilda boʻlgan boshqa tillardan aslo qolishmasligini, aksincha eng boy va qadimiy til ekanini asarlari, xususan, besh dostondan iborat “Xamsa”si orqali isbotlab bergan. Binobarin, bu tilning “Navoiy tili” deb atalishi ham bejiz emas.
Oʻzbek xalqining oʻz qadriyatlariga sodiqligi tufayli bu til necha- necha zamonlar silsilasida yoʻqlikka yuz tutgan boshqa yuzlab tillardan farqli ravishda hamon yashab kelmoqda. Hozirgi vaqtda oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishidan ortadi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Va ona tilimiz eng boy tillardan biridir. Buni oʻzga millat vakillari ham doimo eʼtirof etishadi. Masalan, rossiyalik tilshunos olima A. Kozlyanina “Oʻzbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador” deydi.
Ona tilimizning davlat tili maqomiga ega boʻlishi millatimizning shaʼni, obroʻ-eʼtiborini yuksaltirdi. Bir vaqtlar xalqni maʼrifatli qilish uchun jon kuydirgan, mustabid tuzum taʼqibiga qaramay, “Oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir” deya ortga chekinmagan millatimiz fidoyilari, tilimiz jonkuyarlari Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Isʼhoqxon Ibrat kabi allomalarimiz soʻnggi yillardagi oʻzgarishlardan, albatta, quvonishgan boʻlardi.
Chunki mamlakatimizda ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Buning tasdigʻini qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol koʻrish mumkin. Bugungi sananing “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida belgilanishi va har yili keng miqyosda nishonlanishi xalqimizni behad quvontirdi. Buni, albatta, qadrlashimiz, ona tilimizni koʻz qorachigʻiday asrashimiz zarur. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, “Har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.
Bu hammamiz uchun qatʼiy shior va ahdga aylanishi zarur.
Albatta, ona tilimizning sofligini saqlash, uni asrab-avaylashda boshqa soha vakillari qatori madaniyat xodimlarining ham zimmasida masʼuliyat katta. Jahon sahnalarida yangrayotgan maqom ashulalarimiz, milliy raqs, kuy-qoʻshiqlarimizda jonajon tilimizning jozibasi yanada yorqin namoyon boʻlmoqda. Axir olam ahlini oʻziga jalb etayotgan “Sharq taronalari”, Xalqaro baxshchilik sanʼati, “Boysun bahori” festivallarida yangrayotgan sehrli navolar shu bebaho tilimiz jozibasi tufayli emasmi?!
Va bir jihatga alohida ahamiyat qaratish kerakki, bizning til siyosatimizda aslo boshqa tillarni kamsitishga yoʻl qoʻyilmaydi. Aksincha, Oʻzbekistondagi bagʻrikenglik siyosati tufayli, hozirda yurtimizda yagona oila boʻlib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillariga oʻz ona tili, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilmoqda. Milliy madaniy markazlar ayni shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bunday siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan ham doimo eʼtirof etiladi.
Taʼkidlash joizki, har bir ishda koʻzlangan maqsadga erishish uchun hamjihatlik katta ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda, oʻzbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz, islohotlarni oʻzimizdan boshlashimiz, tilimiz uchun jon kuydirishimiz zarur. Bunda daxldorlik tuygʻusi juda muhim oʻrin tutadi. Yaʼni tilimizga boʻlgan hurmatimiz uyda, koʻchada, jamoat joylarida, oʻquv-taʼlim muassasalarida yaqqol sezilishi, soʻzlashuv madaniyatimizda oʻz ifodasini topishi shart.
Fursatdan foydalanib, barchangizni “Oʻzbek tili bayrami kuni” bilan samimiy muborakbod etaman. Millatimiz koʻzgusi – ona tilimiz dunyo turguncha yashasin! Shunday bebaho boylik sohibi boʻlgan aziz xalqimiz omon boʻlsin!
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri