Dunyo siyosiy xaritasidagi keskin burilishlar, turli ziddiyatlar, xavf-xatarlar, siyosiy inqirozlar, eng asosiysi, oldindan oqibatini taxmin qilish qiyin boʻlgan chigal muammolar esa nafaqat ayrim davlatlarning hududiy yaxlitligi, suverenitetiga tahdid qilmoqda, balki global miqyosdagi tinchlik va xavfsizlikni ham tahlika ostiga qoʻymoqda. Natijada bu xalqaro savdo-sotiq, transport logistikasi, energetika xavfsizligi, oziq-ovqat ishlab chiqarish, umuman, mamlakatlarning azaliy hamkorligiga zarar yetkazyapti.

Afsuski, mintaqamiz – Markaziy Osiyo ham ana shunday muammoli holatlardan holi emas. Ayniqsa, yon qoʻshnimiz Afgʻoniston ogʻir iqtisodiy, ijtimoiy larzalarni boshdan oʻtkazyapti, bu yurtda hamon notinchlik hukm suryapti. Suv tanqisligi, ekologik depressiyalar esa Markaziy Osiyoning ertangi kuni haqida jiddiy oʻylash fursati yetganini koʻrsatyapti.

Eʼtirof etish joiz, Oʻzbekiston yetakchisining faol pragmatik tashqi siyosati tufayligina Markaziy Osiyoda yangi geosiyosiy ishonch muhiti shakllandi. Mintaqa davlatlari oʻrtasida mojarolarga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan muammolar tizimli tarzda hal qilinyapti. Bunda yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash yoʻlidagi amaliy harakatlar oʻta muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidlash joiz. Yaʼni, global miqyosdagi inqirozli xavf-xatarlar davrida ham Oʻzbekiston ichki ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashdan tashqari, mintaqa davlatlari va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik aloqalarini davom ettirishga alohida eʼtibor qaratyapti.

Mana shunday qiyinchiliklar fonida Oʻzbekiston oʻz manfaatlarini munosib himoya qilishi va mustaqil davlat sifatida oʻzining strategik maqsadlarini roʻyobga chiqarishi uchun islohotlar koʻlamini kengaytiryapti.

Insonga vatan, ota-ona va millat tanlash huquqi berilmagan. Bular Ollohning buyuk neʼmatlaridir. Ularni qadrlash esa insonning oʻz-oʻzini qadrlashi mezonlarini belgilab beradi. Vatansiz va qadriyatsiz inson ildizsiz daraxtga oʻxshaydi, uni har qanday shamol yiqitadi va kimlarnidir isitish uchun oʻtinga aylantiradi. Shu sababli, inson bir martagina yashab oʻtadigan umri mazmuni-mohiyatini anglashi, hayotini, qadriyatlarini, eng asosiysi, ajdodlari kim ekanini bilishi muhim ahamiyatga ega. Binobarin, Vatanni sevish va qadrlashni oʻrgatish farzandlarimiz ertasi qanday boʻlishini ham belgilaydi.

Maʼlumki, insoniyat XXI asrga kelib oʻz qadriyatlaridan uzoqlashtirilyapti. Bunday hatti-harakatlarning birinchi oʻringa chiqarilayotgani bejiz emas. Chunki, odamlarni qadriyatlar va ezgu gʻoyalarsiz yashashga koʻniktirish gʻoyasi zamirida qadriyatsiz hayotni va oʻtmishidan uzilgan avlodni shakllantirish maqsadi mujassam. Bir soʻz bilan aytganda, bu harakat ildizsiz daraxtlarning paydo boʻlishiga olib kelyapti. Eng yomoni, bu oʻnglab boʻlmas ofatlarga yoʻl ochmoqda. Shu bois, biz vatan va qadriyat tushunchalarini yoshlarga toʻgʻri yetkaza bilishimiz, uning ahamiyati va hayotdagi oʻrnini, bu farovon hayotning muhim sharti ekanini singdirishimiz kerak.

Toʻgʻri, Vatanni sevish va qadriyatlarni qadrlashni targʻibot-tashviqot yoki bogʻcha hamda maktablardagi tarbiya orqali ham singdirish mumkin. Garchi, juda katta xarajatlar talab etsa-da, lekin natijasi biz kutgandek boʻlmaydi. Sababi oddiy: biz bilamizki, inson asosiy koʻnikmalarini 6-10 yoshigacha boʻlgan davrda egallab boʻladi. Va, bu davrda biz til, vatan, ajdodlar kabi qadriyatlarni beqadr qilib qoʻysak, bola qolgan umri davomida qancha targʻibot-tashviqotga yoʻliqmasin, oʻz qarashlarini oʻzgartira olmasligi mumkin. Shuning uchun ham bola ongining shakllanish davridayoq unga nima uchun vatan kerak, nima uchun qadriyat kerakligini tushuntira olsak, bolada ona, ona Vatan, til va millat haqidagi dastlabki koʻnikmalarni hosil qilishga muvaffaq boʻlamiz. Bunday avlod esa boshqa qadriyatlarni beqadr qilmagan holda oʻz madaniyati, tili va urf-odatlarini qadrlay boshlaydi. Aynan shu sababli ham jamiyatimizda maktabgacha taʼlim va maktab yangi avlodni shakllantirishdagi eng muhim nuqta sifatida tanlab olindi.

Agar biz mashaqqat bilan erishilayotgan natijalar mohiyatini anglay oladigan avlodni tarbiyalay olmasak, barcha harakatlarimiz behuda ketadi. Shu sababli ham bugun yoshlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan muddao bitta: umid bilan parvarishlangan nihollar ertaga barakali hosil berib, xalqimizni quvontirsin.

Shu maʼnoda, xalqimizning ongi, dunyoqarashi oʻzgarayotgani, qalbida oʻziga, ertangi kunga boʻlgan ishonchi mustahkamlanayotgani eng katta yutugʻimiz.

Maʼlumki, keyingi yillarda milliy yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. Besh yil ilgari bu koʻrsatkich atigi 52 milliard edi. Oʻtgan yili iqtisodiyotimizga 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etilgani ham xorijda bizga nisbatan ishonch ortayotganidandir. Eksport esa 19 milliard dollarni tashkil qildi. 2022-yilda yalpi ichki mahsulot oʻsishi 5,7 foizga yetdiki, aholi daromadi ham shunga yarasha oʻsib bormoqda.

Shu oʻrinda 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishdek juda katta marra olinganini taʼkidlash joiz. Albatta, bunga erishish oson boʻlmaydi. Ammo bu yoʻlda aniq hisob-kitoblarimiz borligi, real imkoniyatlar yaratilayotgani, eng asosiysi, intellektual va maʼnaviy salohiyat hamda tajribamiz borligi ishonchimizni mustahkamlayapti.

Qayd etish joizki, joriy yil mamlakatimizda – “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun umumxalq referendumi orqali qabul qilindi va yurtimizda haqiqiy maʼnoda Xalq Konstitutsiyasi yaratildi. Asosiy qonunni oʻzgartirishni saylovchilarning 90,2 foizi yoqlab ovoz berdilar.

Bu Oʻzbekiston oʻz mustaqilligining eng muhim bosqichiga qadam qoʻyganini anglatadi. albatta. 2016-yildan boshlab Harakatlar strategiyasiga asosan siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlarni koʻzda tutuvchi islohotlar olib borilgan boʻlsa, 2021-yildan yangi Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. Bu jarayonlar yangi mezonlar, talab va qarashlarni shakllantirayotgani sababli Konstitutsiyada oʻzgarish va qoʻshimchalarni taqozo qilardi.

Joriy yilda yana bir muhim siyosiy voqelikning guvohi boʻldik: 9-iyul kuni muddatidan ilgari Prezident saylovi oʻtkazildi. Yangilangan Konstitutsiya va demokratik tamoyillar hamda siyosiy faollik muhitida oʻtgan saylovda amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 87 foizdan ortiq ovozi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga qayta saylandi.

Saylovda 15 ta xalqaro tashkilotdan 466 nafar, 47 ta xorijiy davlatdan 331 nafar vakilning xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgani, shubhasiz juda katta eʼtibor natijasidir. Shuningdek, 1400 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini atroflicha yoritib bordilar. Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar saylov qonunchilik va umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, erkin va demokratik, sogʻlom raqobat va siyosiy kurash muhitida, ochiqlik va shaffoflik ruhida oʻtganini eʼtirof etdilar.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, bularning bari yangi Oʻzbekistonda inson qadrini yanada yuksaltirish, odamlarni rozi qilishdek ezgu maqsad yoʻlidagi islohotlar natijasidir. Buni biz bilan birga dunyo hamjamiyati ham koʻrib turibdi hamda natijalarimizni eʼtirof qilmoqda. Bu esa murakkab va tahlikali zamonda eʼtirof etishga arzigulik yutuqlarimizni keng yoritish, odamlar orasiga kirib, oʻzgarishlar mohiyatini kengroq tushuntirishimiz lozimligini ham koʻrsatyapti. Bular ayniqsa, yoshlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi, ularga kuch, ragʻbat beradi. Ammo besh qoʻl barobar emas deganlaridek, baʼzi bir shaxslar bu jarayonni qora ranglarda koʻrsatishga urinyaptilar. Oʻz yurtidan faxrlanish, uni madh etish bu vatanparvarlikning oddiy bir namunasi boʻlsa-da, yoʻlimizda eʼtirof va maqtovni maddohlikka yoʻyayotganlar ham uchrayapti.

Tan olaylik, Vatanni sevgan odam uning kamchiliklarini bartaraf qilish uchun oʻzini masʼul hisoblaydi. Kamchiliklardan kulish oʻrniga ularning yechimlari haqida oʻylaydi. Bu xolislik va adolatlilikning eng oliy koʻrinishidir. Ammo ana shunday demokratik qarashlarni maddohlik deb atayotgan xorijiy kuzatuvchilar ham uchradiki, bu hali-hanuz Oʻzbekistondagi islohotlarga shubha bilan qarash maqsadidan qaytmagan kuchlar borligidan dalolatdir. Qarangki, vatan, millat va qadriyatlarning ijobiy qirralarini koʻproq tilga olish, salbiy tomonlarini rad etmay, ularni bartaraf etish uchun yoʻl qidirish ularning nazdida demokratiya sanalmayapti. Vaholanki, oʻz ona yurtidagi yangilanish va yutuqlarni oshirib, kamchiliklarini yashirish burchi, oʻz yurti va zaminiga hurmat, yaʼni milliy qadriyat emasmi? Odiiy bir misol: agar oʻz oilamizdagi har qanday kamchilikni bartaraf qilmasdan faqat tanqid qilaversak, oilaviy birdamlikka erishiladimi?

Yuqoridagi holatlarni nazarda tutib aytish mumkinki, bugun vatanni sevish uchun tadbirlarda bayroq koʻtarishning oʻzi yetarli boʻlmayapti, aksincha, bu ayrim hollarda aks taʼsir koʻrsatadigan tashviqot quroliga aylanib qolmoqda. Yaʼni, bu yoshlarimizni bayroq va vatanga mehr koʻrsatishdan koʻra, qaytarishga xizmat qilyapti.

Taʼkidlash lozim, bugun iqtisodi baquvvat davlatlargina oʻz qadriyatlarini himoya qila olyaptilar. Oddiy bir misol: ruslar yoki fransuzlar nemislarga hech qachon nemis tilidan qanday foydalanish kerakligini oʻrgata olmaydilar. Chunki Germaniya iqtisodiy jihatdan baquvvat davlat, kelajagiga ishonchi mustahkam, dunyo hamjamiyati oldida soʻzi, gapi butun. Va, shuning uchun ham bu xalq oʻz qadriyatlarini oʻzi himoya qilmoqda. Ular bu masalada hech kimning maslahati yoki koʻrsatmasiga muhtoj ham, majbur ham emas.

Ammo koʻp hollarda endi-endi rivojlanayotgan yoki mustaqillikni his eta boshlagan davlatlar hatto oʻz tilidan foydalanishda ham kimlardandir koʻrsatma, kimlarningdir buzgʻunchi fikrlariga quloq tutishga majbur ekani bor gap. Chunki bunday xalqlar qadriyatlarini himoya qilish darajasidagi kuchga ega emaslar. Bu esa vatanni sevish, milliy qadriyatlarini himoya qilish uchun juda katta ishtiyoq, xohishning oʻzi yetarli emasligini, balki iqtisodiy taraqqiyot ham birlamchi unsur ekanini koʻrsatmoqda. Aynan shu sababli bugun biz tashviqot-targʻibot, tushuntirish, tarbiya ishlari bilan bir qatorda har bir insonga oʻzini beqadr qilmaslik, kasb-hunar egallash, tillarni, madaniyatlarni oʻrganish orqali yanada kuchli boʻlish mumkinligini, raqobatbardosh boʻlish bilan birga maʼnaviy qudrat, eng muhimi, iqtisodiy qiymat yaratish orqaligina mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshishi mumkinligini anglatishimiz zarur.

Shuning barobarida yoshlarimizga ragʻbat beradigan, qalbiga faxr tuygʻusini ekadigan eʼtiroflardan ham oʻz oʻrnida foydalanishimiz kerak. Zero, baʼzi hollarda tanqiddan koʻra, eʼtirof, hatto maqtov insonning u yoki bu masaladagi yondashuvini oʻzgartirishi mumkin. Eng asosiysi, biz kimlargadir yaxshi koʻrinish uchun Yangi Oʻzbekiston qurmayotganimizni yurakdan anglasak, his etsak boʻlgani.

Yana bir fikr. Bugun yurtimizdagi oʻzgarishlarni zimdan kuzatib, “menga nima” qabilida ish tutayotgan, biron bir salbiy voqea-hodisa yuz bersa, doʻppisini osmonga otib, dunyoga jar soladiganlar ham yoʻq emas. Toʻgʻri, bundaylar har doim boʻlgan va bunday keyin ham boʻladi. Ammo baʼzida xalqimizning “Bir kun tuz yegan yeringga qirq kun taʼzim qil”, degan naqli ularga ham tegishli ekanini eslatging keladi.

Vatan – neʼmat, unga sadoqat esa qudratdir. Vatan himoyasi uchun jondan kechganlar – qahramon, qochganlar – xoindir. Aynan istiqlol haqida, uning buyuk neʼmat ekani haqida gap ketayotganida bunday qusurlarmizning boshlanishi taʼlim-tarbiya bilan bogʻliqligini unutmasligimiz kerak. Oila, bogʻcha va maktablarda shaxs tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilmas ekan, kadrlar taqchilligi kasali tuzalmaydi. Farzandlarimiz raqobatbardosh va oʻzini qadrlash koʻnikmasiga ega boʻlishi ham hayotiy zaruratdir! Sir emaski, hamma birdek intiqib intiladigan iqtisodiy va siyosiy erkinliklar oʻzi bilan birga shafqatsiz raqobat va ijtimoiy jihatdan keskin munosabatlarni ham olib keladi.

Istaymizmi, yoʻqmi bu dunyoda kimdir yaxshiroq, kimdir yomonroq yashaydi, bu uning nomai aʼmoliga bitilgan. Toʻgʻri, davlat vaqtinchalik koʻmak berishi, qoʻllab-quvvatlashi mumkin, lekin muvaffaqiyat shaxsning intilishlari, bilimi, tafakkuri va qobiliyatiga bogʻliq.

Insonga xos bir xususiyat borki, bu uning oʻzini asosan haq deb bilishidir. Lekin istaganiga erisholmasa, atrofga zarar yetkazish, hatto oʻz joni, oʻzgalar hayoti hisobiga isyon qilish aynan tarbiyaning xatosi boʻlgan zaiflik, raqobatbardosh emaslik va, albatta, oʻzini past baholashdan boshqa narsa emas.

Shu maʼnoda, oʻzini qadrlaydigan fuqarolardan iborat jamiyatgina oʻz majburiyatlariga amal qilib, huquq va manfaatlari uchun kurasha oladi.

Xulosa qiladigan boʻlsak, Oʻzbekiston yangi davrning yangi oʻzgarishlariga qadam qoʻymoqda. Bu keyingi davr barcha sohalarda ulkan oʻzgarishlar davri boʻlajagidan dalolat beryapti. Buning uchun esa ilgari surilayotgan gʻoya va tashabbuslarning ijobatiga erishishimiz kerak.

Bilamizki, Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarida “30 ta qush dunyoning 30 chekkasiga uchib ketib baxt izlab, baxt topa olmasdan xorlikka yuz tutgan”, degan fikr ilgari surilgan. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr”ida esa Fariduddin Attorning asarida ilgari surilgan gʻoyaga qarshi fikr sifatida “aslida bu baxt 30 qushning birlasha olganida edi” degan gʻoya ilgari suriladi. Aynan ana shu gʻoya misolida aytish mumkinki, bugungi dunyoda farovonlik izlayotgan jamiyatlarning birlasha olmayotganini aslida ular yuzma-yuz kelayotgan muammolarga sabab sifatida koʻrish mumkin. Buni anglash uchun esa bugun bizda milliy genlarimiz darajasida sharoit ham, imkoniyat ham bor. Yaʼni aynan bugungi kun shu gʻoyani toʻgʻri talqin qilgan holda bizdan birlashishni talab qilyapti.

Eng muhimi, ulugʻ neʼmat – Mustaqilligimizni koʻzqorachigʻidek asrash uchun millat yetakchisi atrofida birlashib, avvalgidanda koʻproq gʻayrat va shijoat bilan ishlashimiz shart. Shundagina hayotimizning maʼno-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini qoʻrishdek ezgu maqsadlarimizga tezroq erishamiz.

Maʼlumki, har qanday millatni millat qiladigan til va uning milliy qadriyatlaridir. Mustaqillik milliy til va qadriyatlarimizni yuksaltirish imkonini berdiki, bundan foydalanmaslik koʻchat ekib, endi oʻzi rivojlanaveradi, deyish bilan barobar.

Yakunda aytish joizki, Mustaqillik ogʻir kurash bilan, ilm va tafakkur, sharaf va gʻurur bilan erishiladigan hamda qiyomatga qadar himoya qilinadigan neʼmatdir. Donolar aytganidek: “Kishining vafodorligi va sadoqati uning oʻz Vatani uchun qaygʻurishidan, doʻstlarini sogʻinishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga achinib, oʻkinib yashashidan bilinadi”.

Alisher QODIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining oʻrinbosari