Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda tub islohotlar izchillik kasb etyapti. Jumladan, 30-iyun yurtimizda Yoshlar kuni etib belgilangani yigit-qizlarga oʻziga xos gʻurur bagʻishlash bilan birga, ularni yangi marralar sari chorlovchi, Vatanimizga sadoqatini mustahkamlovchi beqiyos ragʻbat boʻldi.
2018-yildan buyon mazkur sana munosabati bilan iyun oyi anʼanaviy tarzda “Yoshlar oyligi” sifatida keng nishonlanmoqda. Jumladan, bu oyni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan mingga yaqin yosh ham koʻtarinki ruhda oʻtkazmoqda. Mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik rivojiga qaratilgan yuksak eʼtibor tufayli yoshlarning ushbu sohaga qiziqishi yil sayin oshayotir. Bu ishtiyoq har yili Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga kirish istagidagi abituriyentlar soni koʻpayayotganida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
2020-2021 oʻquv yilida mazkur institutda 34 ta taʼlim yoʻnalishi hamda 14 ta mutaxassislik boʻyicha 5 ming 320 nafar, Nukus filialida 5 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 489 nafar, Toshkent filialida 497 nafar talaba tahsil olmoqda. Tugallanayotgan oʻquv yili boʻyicha Samarqand veterinariya meditsinasi institutini 566 nafar bakalavr, 67 nafar magistr tamomlamoqda.
Xorijiy davlatlar (Belarus Respublikasi, Latviya) bilan tashkil etilgan qoʻshma dasturlar asosida 95 nafar talaba bakalavriat va magist ratura boʻyicha oʻqishga qabul qilindi. Ilmiy izlanish olib borish istagidagi yoshlar ham tobora koʻpaymoqda. Soha boʻyicha oʻnga yaqin yangi ilmiy ishlanma va innovatsion gʻoyalar amaliyotga joriy etilishida shu yigit-qizlarning hissasi katta. Bu saʼy-harakatlarni yana-da jadallashtirish maqsadida ilmiy tadqiqotchilik faoliyati alohida ragʻbatlantirilmoqda.
2020-2021 oʻquv yilida Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga 14 nafar tayanch doktorant, 22 nafar mustaqil tadqiqotchi va 5 nafar stajyor tadqiqotchi, Toshkent filialiga 3 nafar, Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutiga 4 nafar, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutiga 3 nafar, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga 1 nafar tayanch doktorant oʻqishga qabul qilindi.
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridagi veterinariya xizmati xodimlarini xalqaro talablar asosida qayta tayyorlab, bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutida 140 nafar mutaxassisimiz “Tashqi savdo faoliyatini nazorat qiluvchi idoralar xodimlari malakasini oshirish kursining oʻquv dasturi” loyihasi asosida onlayn malaka oshirish oʻquv kursini yakunlab, tegishli sertifikatga ega boʻldi.
Prezidentimizning 2020-yil 10-yanvardagi “2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, oʻtgan yili Veterinariya ilmiy-tadqiqot hamda Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutida 6,3 milliard soʻmlik mukammal taʼmirlash ishlari bajarildi.
Shuningdek, yurtimizda veterinariya taʼlimini xalqaro darajaga olib chiqish maqsadida AQSHning Minnesota universiteti bilan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti oʻrtasida 2020-2023-yillarga moʻljallangan umumiy qiymati 369 ming AQSH dollari miqdoridagi “Oʻzbekistonda veterinariya taʼlimining tvining loyihasi” amalga oshirilmoqda.
Biz yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida kamarbasta boʻlishni oliy maqsad va yuksak sharaf deb bilamiz.
Alisher SAFAROV,
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boʻlim boshligʻi —
raisning yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi