2022-yil 15-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rahbariyati va Yoshlar parlamenti vakillari bilan “Vatanni sevmoq iymondandir” mavzusidagi insholar tanlovi Respublika ishtirokchilarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar ongiga Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik hissini singdirish, ularda yot gʻoya va qarashlarning salbiy taʼsiriga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish boʻyicha samarali ishlar qilinmoqda.
Mazkur tanlov — talabalarni yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni teran idrok etishi, ularda ijodiy, tanqidiy, notiqlik, moslashuvchanlik, oʻz fikrini yetkazib bera olish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil qilingan. Eng muhimi, “Vatanni sevmoq iymondandir” mavzusidagi insholar tanlovi iqtidorli, intiluvchan, ijodkor talaba-yoshlarni aniqlash imkonini bermoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv yoshlarda katta taassurot qoldirishi bilan birga, qizgʻin savol-javoblarga boy boʻldi. Xususan, ular mamlakatimiz parlamenti faoliyatiga oid koʻplab savollariga javob oldilar.
Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, 2019-2023-yillarga moʻljallangan Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi, 2020-2025-yillarga moʻljallangan Kitobxonlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, yoshlar muammolari va ularni qiynayotgan muammolarni bevosita davlat darajasida koʻrib chiqish va hal etish imkoniyatlari haqida yoshlarga batafsil maʼlumotlar berildi.
Bundan tashqari, yoshlarga qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni Qonunchilik palatasi tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqish, yalpi majlis muhokamalariga tayyorlash va qonun loyihasini qabul qilish jarayonlari xususida soʻzlab berildi.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari ayni vaqtda yurtimizda qizgʻin kechayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni haqida ham keng maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilning 20-may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qoʻshma qarori bilan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va oʻz faoliyatini boshladi. Mazkur Konstitutsiyaviy komissiya oʻz ishini samarali olib borishi maqsadida keng jamoatchilik, fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflarini umumlashtirishga, qolaversa, jahon tajribasini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha joriy yilning 24-may kunidan boshlab “taklif@meningkonstitutsiyam.uz” yoki “taklif@2022.uz” elektron pochtalari orqali takliflarni qabul qilish ishlari boshlandi, 26-may kunidan boshlab esa, elektron pochtadan tashqari, “www.meningkonstitutsiyam.uz” onlayn platformasi, telegram maxsus boti, 1341 qisqa raqamli “call-markaz” singari vositalar ishga tushirildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta kanallar tashkil qilindi. Fuqarolar takliflarini oʻz hududlaridagi mahallalar va Xalq deputatlari mahalliy Kengashiga ogʻzaki yoki yozma shaklda bildirishi uchun sharoitlar yaratildi.
Tadbir ishtirokchilari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zali, kutubxonasi, parlament muzeyi bilan yaqindan tanishdilar.