Prezidentimiz o'tgan yili 25 dekabr` kuni Yoshlar forumida O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti haqida so'z yuritib, jumladan, shunday degan edi: “Bir paytlar “Vatanparvar” tashkiloti yoshlarga nafaqat harbiy sohada, balki katta hayotda ham zarur bo'ladigan musobaqa va sport o'yinlarini tashkil etardi, ularni texnik kasblarga o'rgatardi. Shu sababli, yigit-qizlarimiz o'rtasida unga qiziqish yuqori edi. Afsuski, keyingi paytlarda uning faoliyati susayib ketdi. Tashkilotning avvalgi nufuzini tiklashimiz zarur”.
Davlatimiz rahbarining bu fikri nechog'liq o'rinli ekanini asoslovchi q ator omillar mavjud. Jumladan, so'nggi 5-6 yilda “Vatanparvar” tashkilotining faoliyati keskin susayib, muayyan qolipdan chiqolmaslik holati kuzatildi. Shuningdek, uning faoliyatida sohani rivojlantirish bo'yicha tashab buskorlik deyarli sezilmadi.
Tashkilot tomonidan aholi orasida harbiy-vatanparvarlik, sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish kabi eng mas'uliyatli yo'nalishlarda loqaydlikka yo'l qo'yilib, asosiy urg'u fuqarolarni avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida o'qitishga qaratib kelindi. Oqibatda so'nggi yillarda aholi orasida “Vatanparvar” tashkiloti — faqat haydovchilarni tayyorlaydigan muassasa” degan tushuncha shakllandi.
Tashkilot faoliyati zamon talablariga mutlaqo javob bermay, yurtimizda yoshlar bilan hamkorlikda bajarilayotgan tizimli va keng ko'lamli ishlardan ortda qoldi. Uning aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasidagi nufuzi pasaydi. Ayniqsa, shu kunlarda “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi ishchi guruhi tomonidan mamlakatimizning turli hududiga uyushtirilayotgan xizmat safarlari mobaynidagi o'rganishlar jarayonida bu kabi muammolar yaqqol ko'rina boshladi.
Tashkilotning yangi jamoasi tomonidan davlatimiz rahbarining o'rinli tanqidiga sabab bo'lgan omillar chuqur tahlil qilindi. Shu bilan birga, bunday muammolarga to'liq barham berish hamda tashkilot zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to'laqonli bajarish uchun mutlaqo yangi tizim va aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Chunki “Vatanparvar” tashkiloti jamoasi O'zbekistonda yangi uyg'onish davri — Uchinchi Renessansga poydevor qo'yilayotgan shu kunlarda keng ko'lamli islohotlar ishtirokchilari safida bo'lishni, yurtimiz ijtimoiy hayotida tutgan o'rnini mustahkamlashni hamda o'zining nufuzini oshirishni qat'iy maqsad qilgan.
2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, bu borada Davlat dasturi qabul qilindi. Dasturning 170-bandida O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti zimmasiga tashkilot bazasida yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblarga o'qitishni ta'minlash bo'yicha mas'uliyatli vazifa yuklatildi.
Mazkur muhim topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi tomonidan yurtimiz miqyosida fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni o'z tasarrufidagi o'quv muassasalarida ommaviy texnik kasb mutaxassisliklariga o'qitishning yangi mexanizmi joriy etildi.
Ushbu mexanizm uch bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda shu yilning aprel` oyidan boshlab fuqarolarni haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida “V”,“VS”, “S”, “D”, “E” toifalari bo'yicha o'qitish yo'lga qo'yildi. Ikkinchi bosqichda avgust oyidan boshlab texnik xizmat ko'rsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari tashkil etiladi. Unda yoshlar vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchisi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo'yicha o'qitiladi.
Uchinchi bosqichda esa dekabr` oyidan boshlab murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash k urslari yo'lga qo'yiladi. Ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidro-ko'targich, yuk mashinasi krani, g'ildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish bo'yicha mutaxassislarni o'qitish belgilangan.
Davlatimiz rahbari bergan topshiriqlarni ijro etishda “Vatanparvar” tashkiloti mamlakatimizdagi ehtiyojmand oilalarni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratyapti. Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar ommaviy texnik kasblarga imtiyozli asosda o'qitilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining shu yil yil 11 martdagi “Yoshlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan, tuman va shaharlarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etildi. Ushbu jamg'armaga mahalliy hokimliklar huzurida tuzilgan vasiylik kengashlari mas'ul etib belgilandi.
“Vatanparvar” tashkilotining avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida tahsil oladigan ehtiyojmand yoshlar o'qish xarajatlarining 75 foizgacha qismi ushbu jamg'arma mablag'laridan qoplanadi. Tashkilot markaziy kengashi bu borada yangi tashabbus bilan chiqib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar o'qish xarajatlarining o'n foizini o'z hisobidan qoplab berish taklifini bildirdi. Nodavlat notijorat tashkilot sifatida “Vatanparvar” tashkilotining mahalliy hokimiyat organlari bilan ehtiyojmand oilalarni qo'llab-quvvatlash borasidagi mustahkam hamkorligi hamda ijtimoiy sheriklikdagi ishlari o'z samarasini bermoqda.
Hozir mamlakatimiz miqyosida “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarning 4 ming 471 nafar farzandi “Vatanparvar” tashkilotining innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida o'qitilmoqda.
Bu borada Surxondaryo, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida tuman va shaharlar to'liq qamrab olingani e'tiborga molik. Ayni paytda yurtimizning barcha hududida ehtiyojmand oilalar vakillaridan iborat navbatdagi o'quvchilar guruhlari ham shakllantiril yapti. Shu yilning 10 mart kuni “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi o'rtasida imzolangan Yoshlar masalalari sohasida o'zaro hamkorlik to'g'risidagi memorandum “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz bo'ylab davom etayotgan bunday sa'y-harakatlar yaqin oylar ichida minglab yoshlarning bandligi ta'minlanishiga zamin yaratadi.
Davlatimiz rahbari shu yil 13 aprelda o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan yoshlarning haydovchilik guvohnomasini olish xarajatlari to'lab berilishi haqida topshiriq berdi. Davlat ijtimoiy buyurtmalari berilgan taqdirda “Vatanparvar” tashkiloti jamoasi respublika bo'ylab o'z tasarrufidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida sifatli ta'lim berishga tayyor.
Buning uchun haydovchilar tayyorlash bo'yicha o'ttiz yillik tajribaga ega avtomaktablarning moddiy-texnik bazasi, o'quv metodikasi, o'qituvchi va haydovchi-instruktorlarining malakasi xalqaro standart talablariga to'la javob beradi.
Yurtdoshlarimiz orasida “Vatanparvar” tashkiloti avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarining boshqa avtomaktablardan farqi nimada?” degan savolni beruvchilar ko'p uchraydi. Tashkilot tarkibidagi o'quv sport texnika klublari va avtomaktablarning afzalligi shundaki, ular nafaqat fuqarolarni haydovchilikka tayyorlaydi, balki aholi, ayniqsa, yoshlar orasida harbiy-vatanparvarlik targ'ibotini muntazam olib boradi. Avtokross, motokross, karting, duatlon, triatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o'q otish, aviamodel`, raketamodel`, kemamodel`, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etadi. Jamiyat a'zolarini faol va vatanparvar etib tarbiyalash bilan birga, yoshlarni mohir haydovchi hamda boshqa ommaviy texnik kasblar egasi qilib tayyorlashga alohida e'tibor qaratadi.
Bundan tashqari, hozir “Vatanparvar” tashkiloti avtomototransport kurslarida tahsil olayotgan yoshlar uchun psixologlar va yosh bo'lishiga qaramasdan ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan tadbirkorlar ishtirokida seminar-treninglar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bunday yangicha tizim “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarning o'ziga bo'lgan ishonchi ortishi va kelgusi hayotda o'z o'rnini topishi uchun rag'bat bo'lib xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, “Vatanparvar” tashkiloti o'z faoliyatining yangi davrida aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish hamda kasbga o'qitish bilan bir qatorda aholining ehtiyojmand qatlamini har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun bor kuch va imkoniyatini safarbar etadi.
Husan BOTIROV,
O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi