Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtini samarali tashkil etish va hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish borasidagi vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida harbiy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi.

Toshkent viloyati hokimligi masʼullari, Toshkent harbiy okrugi harbiylari, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, tuman-shaharlar hududiy tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.Qayd etilganidek, mutasaddi idoralar tomonidan “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” mavzusidagi amaliy “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Unga koʻra, mahallalarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha ishlarni tizimli amalga oshirish lozim boʻladi. Birinchi galda uyushgan va uyushmagan, tarbiyasi ogʻir va huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan mahallalar, taʼlim muassasalari hamda mehnat jamoalarida samarali ishlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Kengash yigʻilishida viloyatdagi 1 ming 18 ta mahallaga harbiy ofitserlarni biriktirish va yoshlar bilan mahorat darslarini tashkil etish, ular uchun “Mard askar yoshlarga namuna” shiori ostida harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasini tashkil etiladi. Umumtaʼlim maktablarining 10-, 11- sinf oʻquvchilari va mahalla yoshlari uchun hududlar kesimida koʻpkurash boʻyicha Okrug qoʻshinlari qoʻmondoni kubogi, pnevmatik quroldan oʻq otish va biatlon boʻyicha musobaqalar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlarni yoshlar orasida ommalashtirish maqsadida joylarda davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etiladi.

Mazkur ishlarni tizimli va samarali ravishda tashkil etish uchun har bir mahallada yoshlar bilan ishlash boʻyicha monitoring guruhi tashkil etiladi. Bu jarayonga mahallalardagi yoshlar yetakchilari ham jalb qilinadi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri