Qabulda sogʻliqni saqlash sohasidagi kelgusi hamkorlik sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida elchi mamlakatimizda COVID-19 bilan kurashish borasida tezkor va samarali choralar koʻrish va uning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni qayd etdi. Shuningdek, D. Rozenblyum pandemiya paytida oʻzbekistonlik tibbiyot xodimlarining qahramonlarcha tinimsiz olib borgan mehnatini eʼtirof etdi.
Tadbirda, shuningdek, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan samarali hamkorlik olib borilayotgani xususida ham soʻz bordi. Jumladan, joriy yilning mart oyida umumiy qiymati 15 million dollardan ortiq boʻlgan silga qarshi kurashish boʻyicha toʻrtta yangi loyiha ishga tushirildi. Loyiha davrida dori-darmonlarga chidamli sil kasalligi bilan xastalangan bemorlarga yordam berish va sil kasalligiga qarshi kurashish uchun yangi dorilar va diagnostika texnologiyalari joriy etiladi.
Bundan tashqari, okean orti mamlakati COVID-19 ga qarshi kurash uchun 9 million dollardan ortiq mablagʻ ajratdi. Bu texnik koʻmak, laboratoriya uskunalari va test tizimlari, shuningdek, mamlakat boʻylab shifoxonalarda oʻrnatilgan 200 ta sunʼiy nafas berish apparatlarini oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston AQSH bilan farmatsevtika sohasida ham yaqindan hamkorlik qilib kelyapti. Xususan, hozirgi paytda mamlakatimizda AQSHning 10 dan ortiq ishlab chiqaruvchilarning 46 turdagi dori vositasi, 39 ta ishlab chiqaruvchilarning 108 turdagi tibbiy asbob-uskunalari, 30 dan ortiq ishlab chiqaruvchilarning 79 nomdagi tibbiy buyumlari roʻyxatdan oʻtgan.
Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yod-brom mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish loyihasini amalga oshirish uchun “GRP International” kompaniyasi tomonidan “Asian Pharmaceutical Industrial Group KRG” qoʻshma korxonasini tashkil etildi.
Muloqot davomida tomonlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni ishlab chiqarish, yuqori tibbiy texnologiyalarni qoʻllash orqali aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish sifatini yaxshilash va sogʻliqni saqlash sohasida yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan tibbiyot sohasida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar. Shuningdek, mutaxassislar orasida oʻzaro tajriba almashish, AQSHning yetakchi klinikalarida nafaqat davlat tibbiyot muassasalari xodimlari, balki xususiy sektor vakillari uchun stajirovka oʻtashni tashkil etish toʻgʻrisida ham qator kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.