Bu haqda payshanba kuni kechqurun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib oʻtamiz, Quyi Chirchiq, Oqqoʻrgʻon, Piskent va Boʻka tumanlaridagi bogʻcha tarbiyalanuvchilarining ommaviy zaharlanishi holatlari haqida xabar bergan edik.
Holat nafaqat Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, tegishli tashkilotlar nazoratiga ham olingan. Xususan, hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimlik masʼullari bilan hamkorlikda bogʻchalarning ayni vaqtdagi holati, oshxonalardagi mavjud sharoitlar koʻzdan kechirildi. Bogʻcha rahbarlari, tarbiyachilar bilan yaqindan muloqot qilindi.
Ayni paytda Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqoʻrgʻon tumanida 97 nafar bola shifokorlar nazoratida boʻlib, bolajonlar salomatligi barqaror. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ehtiyot chorasi sifatida Piskent va Boʻka tumanlaridagi MTT tarbiyalanuvchilari navbati bilan shifokorlar nazoratidan oʻtkazilmoqda. Hozirgacha bolalar sogʻligʻiga jiddiy xavf soladigan holatlar aniqlanmadi.
Yuzaga kelgan holat huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olingan va tergov jarayonlari boshlangan.