Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti hududida “Samarqand yoshlar texnoparki”ni tashkil etish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda “Samarqand yoshlar texnoparki” binosining 2 qavati hamda yertoʻla qismlari qurib bitirilgan, binoning ichki qismiga ishlov berilmoqda. Qurilish ishlarining yakuni 2021-yilning II choragi etib belgilangan.

“Samarqand yoshlar texnoparki” faoliyatining asosiy vazifalari bu hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining faoliyatini rivojlantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va Texnologiyalar va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash markazlari bilan hamkorlikda yoshlarni intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirishdir. Shuningdek, texnoparkda yoshlarning tahliliy fikrlash, ularni ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning oʻz intellektual salohiyatini namoyon qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Bundan tashqari bu maskanda yoshlarning “startap” loyihalarini rivojlantiriladi va ularni amalga oshirish uchun yagona maydon tashkil etiladi.

Zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, hududlarni sifatli, yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlar bilan taʼminlash maqsadida ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish dolzarb masalalardan boʻlib kelmoqda. Texnopark shu masalalar qatori iqtidorli yoshlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish tashkilotlarida malaka oshirishlariga koʻmaklashadi. Yetakchi kompaniyalar vakillari, malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida treninglar oʻtkazish, shuningdek, yoshlarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida ilmiy-texnik konferensiya, seminar, oʻquv kurslari va treninglar tashkil etiladi.

Texnoparkda iqtidorli yoshlar tomonidan taklif etilgan dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha loyihalarni saralab olinadi, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mavzuga oid grantlar berish yuzasidan eʼlon qilib boriladigan tanlovlarga yoʻnaltiriladi. Ilmiy-texnik, innovatsion hamda “startap” loyihalarini amaliyotga joriy etish maqsadida oliy taʼlim muassasalarining ilmiy xodimlari, professor-oʻqituvchi va talabalarini jalb qilinadi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.