Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 24 Sentabr 2021 3443

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6099-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, aholi o‘rtasida velosport turlarining ommaviyligini oshirish, ular bo‘yicha milliy terma jamoalarimizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishi va yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida:

    1. Velosport turlarini 2021-2022 yillarda rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Dasturning ijrosi bo‘yicha ma’lumotlarni Turizm va sport vazirligiga taqdim etsin.

    Turizm va sport vazirligi har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar Dastur va mazkur qarorning ijrosi bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotlar hamda takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    2. Quyidagilar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab tashkil etilsin:

    Toshkent shahar, Olmazor tumani, Muxbir ko‘chasi, 12-uy manzilida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Turizm va sport vazirligi tizimiga kiradigan Respublika velosport mahorat maktab-internati;

    qo‘shimcha 25 ta bolalar-o‘smirlar sport maktablarida hamda sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida velosport turlari bo‘yicha bo‘limlar;

    Buxoro, Qarshi, Navoiy va Termiz olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari bo‘yicha bo‘limlar.

    3. Belgilansinki:

    Respublika velosport mahorat maktab-internati o‘quvchilarining umumiy kontingenti 100 nafarni tashkil qiladi;

    Respublika velosport mahorat maktab-internati o‘quvchilariga olimpiya zaxiralari kollejlari o‘quvchilari uchun belgilangan sutkalik oziq-ovqat normasi tatbiq etiladi;

    Respublika velosport mahorat maktab-internatiga velosport turlari bo‘yicha belgilangan sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab har yili 5-sinfga qabul qilinadi;

    Respublika velosport mahorat maktab-internati rahbariyati, trenerlari, sportchilari va boshqa xodimlari mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275-son va 276-son hamda 2010 yil 23 sentyabrdagi 211-son qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi.

    Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) O‘zbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda:

    ikki oy muddatda Respublika velosport mahorat maktab-internati faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    2022/2023 o‘quv yiliga qadar mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq Respublika velosport mahorat maktab-internati, bolalar-o‘smirlar sport maktablarida, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida hamda olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari bo‘yicha bo‘limlar tashkil qilinishi, ularning to‘liq hajmda zarur sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan ta’minlashi choralarini ko‘rsin.

    4. Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston velosport federatsiyasining 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

    O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, barcha olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish;

    O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus va Farg‘ona filiallarida velosport turlari bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini ochish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

    Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda ushbu bandda belgilangan vazifalarni inobatga olsin.

    5. O‘zbekiston velosport federatsiyasi huzurida O‘zbekiston professional velosipedchilar sport klubi (keyingi o‘rinlarda – Klub) tashkil qilinsin.

    Belgilansinki:

    a) quyidagilar Klubning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:

    velosportning barcha turlari bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish orqali Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalarni qo‘lga kiritish;

    respublika barcha hududlarida velosport turlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish;

    velosport turlari bo‘yicha xususiy klublarni xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga jalb qilish, ularga tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatish;

    xalqaro musobaqalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish orqali umumjahon “Nation Brands” xalqaro reytingida “Uzbekistan” milliy brendining reyting pog‘onalaridagi o‘rnini yuqori кўtaришda ishtirok etish;

    b) quyidagilar Klub faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

    Davlat byudjetidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

    Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;

    xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishdan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan kelib tushadigan mablag‘lar;

    jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;

    xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

    qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;

    v) Markaziy bankning ruxsati bilan Klubga chet eldagi vakolatxonalari uchun bank hisobraqamlariga ega bўлишиga ruxsat beriladi;

    g) Klubning chet eldagi vakolatxonalari bank hisobraqamlarining yuritilishiga oid quyidagicha tartib belgilanadi:

    chet eldagi vakolatxonalar bilan hisob-kitoblar xorijiy davlatlarning milliy valyutasida va erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi;

    xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki Klub talabnomasida ko‘rsatilgan miqdordagi erkin valyuta mablag‘larining uning chet eldagi vakolatxonalari hisobraqamlariga o‘tkazilishini ta’minlaydi;

    Klubning chet eldagi vakolatxonalari tomonidan amalga oshiriladigan sarf-xarajatlar Klub tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida yuritiladi;

    d) Adliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston velosport federatsiyasi talabnomasiga muvofiq, Yevropa, Osiyo davlatlarida hamda boshqa xorijiy davlatlarda Klubning alohida bo‘limlarini ochish bilan bog‘liq, shuningdek, uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish masalalarida O‘zbekiston velosport federatsiyasiga amaliy va tashkiliy yordam ko‘rsatadi.

    Turizm va sport vazirligi O‘zbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda Klub faoliyatini to‘liq va samarali yo‘lga qo‘ysin, velosport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishlarini ta’minlasin, Klubning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun uni belgilangan tartibda inventarlar, sport kiyimlari, ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, vitaminlar, uskunalar, materiallar, zarur tibbiy vositalar bilan ta’minlasin.

    6. Velosportni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) tashkil qilinsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:

    iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional velosportchilar sifatida tayyorlash ishlarini samarali tashkil qilish va muvofiqlashtirish;

    hududlarda velosport infratuzilmasini barpo etish va kengaytirish bo‘yicha investitsiya va grant mablag‘larini jalb qilish, boshqa zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda ularni amaliyotga tatbiq etish;

    velosport turlarini ta’lim muassasalari, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirishga ko‘maklashish;

    velosport turlari bo‘yicha musobaqalar va velomarafonlarni o‘tkazishga ko‘maklashish, ushbu yo‘nalishda xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari, jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;

    velosiped harakatini rivojlantirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaxshilashga hamda yuqori sport natijalariga erishishni ta’minlashga qaratilgan yangi qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish va amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish.

    7. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 aprel kuni qabul qilingan maxsus rezolyutsiyasiga muvofiq 3 iyun Butunjahon velosiped kuni etib e’lon qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq har yili 3 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida aholining turli qatlamlarini jalb qilish orqali uzunligi 15-20 kilometrdan kam bo‘lmagan velomarafonlar tashkil qilinadi.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Turizm va sport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi har yili 1 mayga qadar velomarafonlarni tashkil qilish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqsin va ularda quyidagilarni nazarda tutsin:

    velomarafonlarni o‘tkazishning aniq joylari va marshrutlarini belgilash;

    velomarafonlarni o‘tkazish joylarida velosipedlarni ijaraga olish (baykshering) imkoniyatlarini yaratish;

    velomarafonlar o‘tkazishning joylari va marshrutlari bo‘ylab yo‘l xavfsizligini ta’minlash;

    fuqarolar, shu jumladan, transport vositalari haydovchilarini velomarafonlar o‘tkazish joylari va marshrutlari to‘g‘risida oldindan xabardor qilish, transport tirbandliklarining oldini olish;

    velomarafonlar g‘oliblari va sovrindorlarini qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash;

    velomarafonlarda muvaffaqiyatli qatnashgan ishtirokchilarni professional velosportga jalb qilish, ularni sport-ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish;

    ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda velomarafonlarni keng yoritish;

    velosipedni oddiy, qimmat bo‘lmagan, ishonchli, ekologik toza va maqbul transport turi sifatida keng targ‘ib qilish;

    3 iyun – Butunjahon velosiped kuni to‘g‘risida axborotni tarqatishga ko‘maklashish.

    8. Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston velosport federatsiyasining 2022 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda:

    velosportning shosse (Road) va tog‘ (MTB) turlari bo‘yicha Toshkent viloyatida “Oqtosh-Chorvoq-Mountain”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida “Save-Aral” ko‘p kunlik xalqaro velopoygalarini;

    velosportning trek (Track) turi bo‘yicha Toshkent shahrida “Silk-Road Tashkent”, Namangan shahrida “Silk-Road Namangan” ko‘p kunlik xalqaro velopoygalarini;

    velosportning motokross (BMX Racing) turi bo‘yicha Jizzax viloyatida “Zaamin-Cup” xalqaro velopoygasini;

    velosportning fristayl (BMX Freestyle) turi bo‘yicha Toshkent shahrida “Tashkent-Grand Prix” xalqaro musobaqasini tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

    Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduxakimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi:

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu bandda ko‘rsatilgan velopoygalar va xalqaro musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlasin. Bunda, velopoygalar va xalqaro musobaqani o‘tkazish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlarni qoplash manbalari etib homiylik, mahalliy byudjet va boshqa mablag‘lar belgilanadi;

    velopoygalar va xalqaro musobaqada mahalliy sportchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan kuchli xalqaro sportchi, trener va hakamlarning ishtirokini ta’minlasin;

    2022 yil 1 yanvardan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga velosport turlari bo‘yicha musobaqalar va turnirlarning kiritilishini ta’minlasin hamda ularni yuqori darajada o‘tkazish choralarini ko‘rsin.

    9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J.Qo‘chqorov) Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) hamda O‘zbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda quyidagilarning 2022 yil va kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini ta’minlasin:

    Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududida velosportning shosse (Road) turi bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan veloshosse sport majmuasini qurish. Bunda, majmua xalqaro standartlarga javob beradigan 50 o‘rinli yotoqxona, 50 o‘rinli oshxona, trenajyor zali, tibbiy punkt, velosiped ta’mirlash ustaxonasi, velosipedlarni saqlash xonasi, kiyinish va yuvinish xonalari va boshqa zarur infratuzilma ob’ektlaridan iborat bo‘ladi, ular zarur zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlanadi;

    Samarqand viloyati Samarqand tumani hududida velosportning trek (Track) turi bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan yopiq turdagi velotrek sport inshootini qurish. Bunda, inshoot xalqaro standartlarga javob beradigan 50 o‘rinli yotoqxona, 50 o‘rinli oshxona, trenajyor zali, tibbiy punkt, velosiped ta’mirlash ustaxonasi, velosipedlarni saqlash xonasi, kiyinish va yuvinish xonalari va boshqa zarur infratuzilma ob’ektlaridan iborat bo‘ladi, ular zarur zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlanadi;

    Toshkent shahri, Olmazor tumani, Muxbir ko‘chasi, 12-uy manzilida Respublika velosport mahorat maktab-internati va O‘zbekiston velosport federatsiyasi ma’muriyati binosini barpo etish. Bunda, maktab-internat xalqaro standartlarga javob beradigan 100 o‘rinli yotoqxona, 100 o‘rinli oshxona, 100 o‘rinli o‘quv binosidan iborat bo‘ladi.

    O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda velosport bo‘yicha nufuzli xalqaro professional va havaskorlar o‘rtasida sport musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida tegishli manzil va uchastkadagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha O‘zbekiston velosport federatsiyasining so‘rovnomalari inobatga olinsin.

    Qurilish vazirligi (B.Zakirov) mazkur bandda ko‘rsatilgan sport ob’ektlarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, qimmat bo‘lmagan, energiya tejovchi va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.

    Toshkent viloyati hokimligi (D.Xidoyatov) O‘zbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi bilan kelishgan holda joriy yil yakuniga qadar velosportning shosse (Road) turi bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan veloshosse sport inshootini qurish uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududidan 0,5 ga yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralarini ko‘rsin.

    Samarqand viloyati hokimligi (E.Turdimov) O‘zbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar velosportning trek (Track) turi bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan yopiq turdagi velotrek sport inshootini qurish uchun Samarqand viloyati, Samarqand tumani hududida tegishli yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralarini ko‘rsin.

    10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston velosport federatsiyasi bilan birgalikda:

    mahalliy byudjetlar daromadlarining orttirib bajarilgan qismi hisobidan O‘zbekiston velosport federatsiyasining hududiy bo‘linmalari uchun har yili 40 donadan velosiped ajratsin, shuningdek, velosipedchilarning harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2 tadan “Damas” rusumli avtotransport vositasi bilan ta’minlasin;

    O‘zbekiston velosport federatsiyasining hududiy bo‘linmalari to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun zarur choralarni ko‘rsin, shu jumladan, ularning moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashsin;

    aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va velosportni ommalashtirish maqsadida tuman (shahar) va viloyat miqyosida havaskorlar o‘rtasida velopoygalarni muntazam tashkil qilsin va ushbu maqsadlar uchun tegishli mahalliy byudjetlardan mablag‘ yo‘naltirsin;

    har bir hududda havaskor va professional sportchilardan iborat bo‘lgan velosport turlari bo‘yicha xususiy klublarni tashkil qilsin.

    11. Moliya vazirligi (T.Ishmetov):

    a) mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni 2022 yildan Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin;

    b) 2021 yildan boshlab O‘zbekiston velosport federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq, tuzilgan shartnomalar bo‘yicha olingan majburiyatlarni hisobga olgan holda Klub faoliyatini saqlash, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish bilan bog‘liq zarur mablag‘larni har yili O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Davlat byudjetidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan:

    2021 yil 1 oktyabrga qadar – 10 milliard so‘m;

    2022 yildan boshlab – har yili zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

    12. Sport-ta’lim muassasalari, oliy ta’lim muassasalarining velosport turlari bo‘yicha bo‘limlar va Klubning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi, ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, vitaminlar, uskunalar va materiallar, velosipedlarni tashishga mo‘ljallangan yangi va ishlab chiqarilganligiga yetti yil to‘lmagan maxsus avtotransport vositalari va tirkamalar 2024 yil 1 sentyabrga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.

    13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “UzReport” axborot agentligi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid teleradiodasturlar, sportchilarning professional faoliyati haqida maxsus ko‘rsatuvlar, maqolalar va videoroliklar tayyorlasin, o‘tkaziladigan brifing va press-konferensiyalarni yoritib borsin.

    Kinematografiya agentligi yoshlarning velosportga kirib kelishidan boshlab ularning yuqori natijalarga erishish yo‘li, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va bugungi kundagi hayoti to‘g‘risida qisqa metrajli videofilmlar tayyorlanishini ta’minlasin.

    14. Milliy antidoping agentligi (N.Tursunov) bir oy muddatda velosport bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlasin va uni amalga oshirish choralarini ko‘rsin:

    sportchilar va trenerlarni “shaffof sport”ga targ‘ib qilish;

    salomatlikni muhofaza qilish va sportda farmakologik ta’sirga ega dori preparatlari va boshqa moddalardan to‘g‘ri foydalanish borasida sportchilar, trenerlarning madaniyati va savodxonligini oshirish tadbirlarini o‘tkazish;

    sportchilarni antidoping mavzulariga oid tegishli o‘quv-axborot materiallari va turli ko‘rgazmali ma’lumotlar bilan ta’minlash;

    sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qat’iy rioya qilinishi ustidan samarali antidoping nazoratini amalga oshirish.

    15. Turizm va sport vazirligi 2021 yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston velosport federatsiyasini Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 2-a uy manzilida joylashgan binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralarini ko‘rsin.

    16. Turizm va sport vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Q.Karimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi R.M.Shaabduraxmanov, O‘zbekiston velosport federatsiyasi rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1 янvaрgaчa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 24 sentyabr