Velosportni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi

    Sport 6 May 2022 1887

    5-mayda Oʻzbekiston velosport federatsiyasi raisi Tanzila Narbayeva Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Osama Ahmad al-Shafarni qabul qildi.

    Uchrashuvda yurtimizda velosportni yanada rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ushbu sport turiga keng jalb etish hamda shu orqali mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish kabi masalalar, shuningdek Osiyo velosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikda istiqbolli rejalarni amalga oshirish muhokama qilindi.

    Oʻz navbatida, O. Al-Shafar Oʻzbekistonda velosportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga, sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi.

    Mehmonlar ana shu eʼtibor natijasida Oʻzbekiston velosportida keskin yuksalish koʻzga tashlangani va natijada oʻzbekistonlik sportchilar joriy yil mart oyida Tojikistonning Dushanbe shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Shuningdek, uchrashuvda mehmonlar tomonidan Oʻzbekistonda velosportning shosse, togʻ va trek turlari boʻyicha musobaqalarni tashkil etish, Osiyo chempionatlarini oʻtkazish boʻyicha taklif va mulohazalar bildirdi.

    Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekistonda velosport terma jamoasining moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirish, xorijiy murabbiylarni jalb etish orqali ularning salohiyatidan yuqori darajada foydalanish, sportchilarni kelgusidagi yirik musobaqalarga puxta tayyorlash kabi ustuvor masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada jadallashtirishga kelishib oldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.