Uchrashuvda Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Vengriya delegatsiyasiga esa OTP Green kompaniyasi bosh direktori Gergey Pokosh boshchilik qildi.
Suhbatda Oʻzbekiston-Vengriya hamkorligining dolzarb masalalari, Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va mamlakatimizda xorijiy biznesni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, bunga keyingi yillarda ishonchga asoslangan oliy darajadagi munosabatlar yordam berayotgani alohida taʼkidlandi.
Oʻzaro tovar ayirboshlashning asosiy pozitsiyalari toʻqimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari, farmatsevtika, mexanik va elektr jihozlari va boshqa tovarlardan iborat.
2024-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda vengriya kapitali ishtirokidagi 12 ta korxona, jumladan, 7 ta qoʻshma va 5 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxona faoliyat yuritib kelyapti.
Investitsiya loyihalari portfeliga Vengriyaning OTP guruhi tarkibiga kiruvchi OTP banki tomonidan Ipoteka-bankni xususiylashtirish, Meditop Pharmaceuticals bilan yuqori texnologiyali farmatsevtika korxonasini tashkil etish va boshqa loyihalar kiradi.
Kompaniyaning Sirdaryo viloyatida parrandachilik klasterini tashkil etish boʻyicha yirik loyihani amalga oshirish borasidagi navbatdagi choralari konstruktiv tarzda muhokama etildi.
Hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar tafsilotlarini muhokama qilib, tomonlar hujjat almashish marosimiga oʻtdilar. Xususan, Investitsiya bitimi, Sirdaryo viloyatida yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi, Oʻzbekiston toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi bilan taʼsis va nizom shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: “ZA Invest” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida klaster hududida 130 gektar maydonda 8 ta parrandachilik fabrikasi, inkubator, soʻyish va qayta ishlash sexlari, ozuqa ishlab chiqarish korxonasi, muzlatkich va maʼmuriy binolar quriladi. Loyihaning quvvati yiliga 16 million dona broyler tovuqlari va 120 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Loyiha “OTP Green Fund” tomonidan moliyalashtiriladi va “OTP Group” tarkibiga kiruvchi “ZA-Invest Poultry” loyiha kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.