Global ishlab chiqarish va transport-logistikadagi uzilishlar, hamkor davlatlardagi inflyatsiya sanoat ishlab chiqarish va eksport bo'yicha rejalarni xavf ostida qoldirayotgani ta'kidlandi.
Bunday sharoitda har bir hokim va tarmoq rahbari mahsulotlar hajmini oshirish va eksportga yangi bozorlarni topish uchun har kuni bosh qotirib, qattiq ishlashi zarurligi ko'rsatib o'tildi.
Qaysi viloyat, tuman hokimi o'zi korxonalar bilan ishlab, muammosiga yordam berib, harakat qilayotgan bo'lsa, o'zgarish bo'layotgani qayd etildi.
Prezidentimiz yigʻilishda oʻtgan yetti oyda yurtimizda sanoat mahsulotlari hajmi 5,7 foizga oʻsib, 345 trillion soʻmga yetganini taʼkidladi.
Bu koʻrsatkich elektrotexnika sanoatida 46 foizni, yengil avtomobillar ishlab chiqarishda 16 foiz, qurilish materiallarida 12 foiz, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishda 11 foizni tashkil qilib, yuqori surʼatlarda oʻsdi.
Misol uchun, misni qayta ishlash 30 foizga va yuqori qoʻshilgan qiymatli maishiy texnikalar hajmi 36 foizga oshishi hisobiga jami 12,5 trillion soʻmlik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarildi. Ularning eksporti 25 foizga koʻpayib, 550 million dollardan oshdi.
Joylarda ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani bois 25 ta tuman va shaharda sanoat hajmi 10 foizdan koʻpaygan.
Boʻzatov, Kegeyli, Qoʻngʻirot, Xoʻjayli, Andijon, Olot, Shofirkon, Gʻallaorol, Kitob, Nishon, Konimex, Chortoq, Oqdaryo, Bulungʻur, Ishtixon, Paxtachi, Oltinsoy, Bandixon, Boysun, Qiziriq, Parkent, Buvayda, Uchkoʻprik tumanlari, Kattaqoʻrgʻon va Nurafshon shaharlarida sanoat yuqori surʼatda oʻsgan.
Jumladan, toʻqimachilik korxonalarini koʻpaytirish orqali, sanoat koʻrsatkichini Bandixon 45 foizga, Qiziriq 18 foiz, Olot va Buvayda 15 foizdan, Kegeyli 14 foiz, Oqdaryo va Boysun 13 foizdan, Andijon tumani 10 foizga oshirgan.