Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi "Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo'jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga ko'ra, dehqon xo'jaligi yuritish uchun er uchastkalarini ochiq tanlov orqali ijaraga berishda “daftar”larda ro'yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik belgilangan.

Mazkur hujjat ijrosi yuzasidan Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, hududdagi “daftar”larda ro'yxatda turuvchi jami 38 mingdan ortiq yoshlarga viloyat hududining 15 ta tumanidan ball boniteti o'rtacha 60 dan kam bo'lmagan, jami 5 ming 531 gektar er maydoni ajratiladi.

Bundan ko'zlangan maqsad — yoshlarni band qilish, aholining daromad topish tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, o'z biznesini tashkil etishga ko'maklashish, qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirilishida dehqon xo'jaliklari ulushini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini barqarorlashtirishdir.

Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmati