— Bu Portugaliyaning “Take The Wind” kompaniyasi tomonidan yaratilgan “Body Interact” platformasi, yaʼni “Virtual bemor” dasturi boʻlib, uning asosiy vazifasi tibbiyot muassasalarida oʻqiydigan oʻquvchi va talabalarga virtual oʻrganish imkoniyatini beradi, — dedi Innovatsion rivojlanish vazirligi sogʻliqni saqlash va rivojlantirish boʻlimi yetakchi mutaxassisi Jamol Ergashev. — Ushbu platforma juda mukammal ishlangan boʻlib, algoritm ravishda barcha koʻrsatmalar keltirilgan.

Mazkur mobil ilova orqali talabalar virtual bemor holatiga baho berish maqsadida undan kerakli tahlillar olishlari, fonendoskop yoki rentgen, MSKT, kabi virtual uskunalarda tekshirib, barcha amaliyotlarni ekrandagi ish stolida virtual tarzda oʻtkazish mumkin.

Bemor koʻrigi virtual olib borilarkan, bemorni koʻrish va davolash uchun maʼlum vaqt beriladi. Demak, inson hayotini saqlab qolish uchun boʻlgʻusi shifokorlarda tezkor harakatlanish koʻnikmasini ham singdiradi. Belgilangan muddat oraligʻida bemorga tashxis qoʻyish bilan birgalikda davo choralarini qoʻllash ham talab etiladi. Talabalar bemorning holati boʻyicha baho berishlari shartligi ham belgilangan.

“Virtual bemor” platformasi, asosan, 3-bosqichni tamomlagan talabalar uchun kerakli va asosiy qoʻllanmadir. Platforma virtual holatda masofaviy klinik taʼlimni yaxshilaydi.

Yurtimizda bir qancha tibbiyot muassasalari va oliy oʻquv yurtlari mavjud. Ularni har yili minglab talabalar tamomlab, mustaqil ravishda faoliyatga kirishadi. Inson oʻz xatolari ustida ishlasagina, mukammallikka erishadi. Lekin shifokorning xato qilishga haqi yoʻq. U inson hayotiga javobgar shaxs. Buning uchun koʻp tajribalar orttirishi va oʻz ustida ishlashi lozim. “Virtual bemor” aynan shunday tajriba maydoni boʻla oladi. Natijada ular haqiqiy bemorni qabul qilishga tayyor boʻlishadi. Bu platformada talaba koʻplab kasalliklarning (platformada 200 dan ortiq klinik holatlar mavjud) klinik holati va alomatlarini batafsil oʻrganishi hamda uni davolash imkoniyatiga ega.

Platformada kamida 100 xil turli tahlillarni amalga oshirish mumkin, 30 ga yaqin tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Vrach qabuliga kelgan “virtual bemor” holatiga qarab, dori-darmonlar boʻlimi orqali kerakli muolajalarni qoʻllash mumkin. Agar toʻgʻri davolansa, u oʻzini yaxshi his qilishini aytadi. Aksincha, notoʻgʻri dorilarni tanlasangiz, bemor holati ogʻirlashadi. Davolash jarayoni yakunida ushbu platforma har bitta kasallik punkti boʻyicha baholaydi. Demak, talaba oʻzi mustaqil ravishda oʻzini oʻzi baholash imkoniyatiga ham ega boʻladi.

Ekrandan qoʻngʻiroq ham oʻrin olgan boʻlib, bu orqali shifokor tor doiradagi mutaxassislar bilan bogʻlanishi (parhezshunos, endokrinolog, jarroh va hokazo) mumkin.

“InnoWeek.uz-2020” Innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida mazkur platformadan respublikaning tibbiy oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va talabalariga 3 oyga bepul foydalanish boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda mazkur “Take The Wind” kompaniyasi oʻrtasida kelishuv memorandumi imzolandi.

Sevara Abdullayeva