V.Norov Elchining ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, uni yangi lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va diplomatik missiyasida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tomonlar keyingi yillarda rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichiga koʻtarilgan, amaliy mazmun bilan boyitilgan Oʻzbekiston-Ispaniya hamkorligining dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Siyosiy muloqotni faollashtirish, turli darajadagi tashriflar tashkil etish, xalqaro institutlar doirasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, Afgʻoniston masalasi boʻyicha maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Markos Gomes Martines Ispaniya Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy davlat deb bilishini va respublikada amalga oshirilayotgan, aholi farovonligini oshirish va mamlakatning jahon miqyosidagi nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan tizimli islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Ispaniya tomoni Oʻzbekiston bilan transport, qishloq xoʻjaligi, bank ishi, toʻqimachilik va neft-gaz sanoati, qayta tiklanadigan energiya va turizm sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekani qayd etildi.
Elchi ispan kompaniyalari uchun Oʻzbekiston katta imkoniyatlarga ega istiqbolli bozor ekanligini maʼlum qildi. Mamlakat va uning ishbilarmonlik muhitini batafsil oʻrganish uchun Ispaniya tadbirkorlik subyektlari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirilgan.
Taʼlim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun yetarli salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Xususan, Oʻzbekistonda Ispaniya universitetlarining filiallari va kasb-hunarga oʻqitish markazlarini ochish, ispaniyalik mutaxassislar va oʻqituvchilarni mamlakatimizga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
***
Shu kuni Tashqi ishlar vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatilla Irgashev va Ispaniya Elchisi Markos Gomes Martinez oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Suhbat davomida tomonlar Afgʻonistondagi mavjud vaziyatni va bu mamlakatga yordam koʻrsatish masalalarini muhokama qildilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.