Tomonlar Oʻzbekiston-Oʻmon munosabatlari tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ikki tomonlama asosda va xalqaro institutlar doirasida, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti formatida siyosiy va diplomatik hamkorlikni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Turli darajadagi boʻlajak uchrashuvlar jadvali, jumladan, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini tashkillashtirish masalalari muhokama etildi.

Hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish, oʻzaro savdo hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish, transport yoʻlaklarini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni davom ettirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni koʻrishga tayyor ekani maʼlum qilindi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar sohada aloqalarni chuqurlashtirish boʻyicha qator takliflar koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.