Vodilda kurash bayrami boshlandi

    Turizm va sport vazirligi, Kurash va Belbog'li kurash federatsiyalari taqvim-rejasidagi mazkur turnirda mamlakatimiz va qo'shni Qirg'iziston, Tojikiston respublikalaridan 300 ga yaqin polvonlar ishtirok etmoqda.

    Bugun Farg'ona tumanining so'lim va obod Vodil qishlog'idagi “Chinor tagi” istirohat bog'ida shu qishloqda tug'ilib voyaga etgan, kurash muxlislari qalbidan joy olgan, o'z davrining nomdor polvonlari bo'lgan Hamid va Temir polvonlar xotirasi uchun hamda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan belbog'li kurash va kurash bo'yicha an'anaviy respublika ochiq turniri boshlandi.

    Yuqori saviyada tashkil etilgan turnirda polvonlar belbog'li kurash bo'yicha 55 kg., 60 kg., 66 kg., 73 kg., 81 kg., 90 kg., 100 kg., +100 kg. vazn toifasida, kurash bo'yicha erkaklar 60 kg., 66 kg., 73 kg., 81 kg., 90 kg., +90 kg., ayollar esa 52 kg., 63 kg. hamda +63 kg. vazn toifasida bellashmoqda.

    Har ikkala sport turi bo'yicha bellashuvlar bugun kun bo'yi davom etadi.

    Ilhom RAHMONOV