2019-2030-yillar davomida mamlakatimizda yalpi ishlab chiqiladigan elektr energiyasida quyosh va shamoldan olinadigan energiya ulushini 13,8 foizga yetkazish maqsad qilingan. Maʼlumki, quyosh va shamoldan energiya olish koʻp jihatdan ob-havoga bogʻliq. Shu bois, bu energiya quvvati kamayganda oʻrnini toʻldirish uchun boshqa arzon va ekologik toza manbalarni yaratish ehtiyoji paydo boʻlmoqda. Shuningdek, ekologik muammolar va ularni bartaraf etish bilan bogʻliq bugungi holat vodorod energetikasini yana-da rivojlantirishni taqozo etyapti.

Xalqaro ekspertlar 2050-yilda vodorod energetikasi ulushi dunyo miqyosida 18 foiz, 2100-yilda esa 40 foizdan oshishini taxmin qilmoqda. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vodorod energetikasini rivojlantirish orqali atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorini 95 foizgacha kamaytirishni rejalashtirgan.

Dunyoda vodorod energetikasini rivojlantirish va undan samarali foydalanish boʻyicha keng miqyosda ilmiy va amaliy ishlar olib borilmoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqi 2050-yilgacha yoqilgʻiga boʻlgan umumiy ehtiyojning 25 foizini vodorod vositasida qondirishni maqsad qilgan.

Yaponiya vodorod dasturida 2020-yilda 1,4 million, 2030-yilda esa 5,3 million dona vodorodli yoqilgʻi elementini foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. Xitoyda 2050-yilda jami ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmining 10 foizi vodorod hissasiga toʻgʻri kelishi belgilangan.

2018-2019-yillar mobaynida Avstraliya, Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSHning ayrim shtatlari oʻz vodorod strategiyasini tasdiqlagan.

Vodorod energetikasining hozirga qadar keng ommalashmaganiga asosiy sabablardan biri uni ishlab chiqarish tannarxi balandligidir. Mavjud texnologiyalar yordamida bir birlik vodorod energiyasi olish uchun 3-4 birlik energiya sarflanadi. Masalan, tabiiy gazdan foydalanib vodorod olish uchun 1200 0S, suvni parchalab olish uchun esa 1600 0S harorat zarur.

Mamlakatimizda vodorod energetikasini rivojlantirish uchun dastlabki qadamlar qoʻyilgan. Masalan, Fanlar akademiyasining Materialshunoslik institutida vodorodni sintez qilish, rux bilan suvni aralashtirish hamda quyosh energiyasi vositasida vodorod ajratib olish, Turin politexnika universitetida vodorod yoqilgʻisi bilan ishlaydigan avtomobillar yaratish boʻyicha tadqiqotlar qilinyapti.

Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha farmonda belgilangan amaliy chora-tadbirlar dasturi mamlakatimizda vodorod energetikasi texnologiyalari yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlarini yana-da kengaytirish va chuqurlashtirish imkonini yaratadi. Yurtimiz olimlari Quyosh nuridan foydalanib suvdan yuqori harorat (1600 0S)da vodorod olish boʻyicha tadqiqotlar olib boradi. Buning afzal jihatlaridan biri shuki, yuqori harorat olish uchun qoʻshimcha energiya sarflanmaydi, ekologiyaga zararli taʼsir koʻrsatilmaydi. Vodoroddan energiya olishda u kislorod bilan reaksiyaga kirishadi, pirovardida ham 1000 0S dan ortiq harorat, ham suv hosil boʻladi. Demak, vodorod sintezi uchun foydalanilgan suv deyarli toʻliq oʻz oʻrniga qaytadi, undan ajralib chiqqan yuqori haroratdan ham elektr energiyasi, ham issiqlik energiyasi olinadi.

Bundan tashqari, vodorod ajralishi uchun sarflanadigan haroratni pasaytirish va vodorod ajralishi hajmini oshirish uchun maxsus nanooʻlchamli katalizatorlar yaratish, vodoroddan transport yonilgʻisi uchun elementlar hosil qilish, vodorodni xavfsiz saqlash, tarmoqqa uzatish va undan foydalanish texnologiyalarini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Vodoroddan yoqilgʻi elementlari sifatida foydalanish, oʻz navbatida, azot, oltingugurt va uglerod oksidlari kabi atmosfera uchun zararli boʻlgan birikmalar miqdorini kamaytiradi. Eng muhimi, vodorod energetikasi texnologiyalarining rivojlanishi mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholisini energiya bilan uzluksiz taʼminlash imkonini beradi.

Odilxoʻja PARPIYEV,

OʻzFA Materialshunoslik instituti direktori,

fizika-matematika fanlari nomzodi