Vokzallardagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga beriladi

    Toshkent-Markaziy, Samarqand va Qo'qon temir yo'l vokzallari va ulardagi bo'sh joylar davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga beriladi.

    Temir yo'l sohasida biznes jarayonlarini raqamlashtirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish hamda respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida joriy yil 10-oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston Respublikasi temir yo'l transporti sohasini tubdan isloh qilish to'g'risida"gi qarori qabul qilingan edi.

    Mazkur qaror ijrosiga ko'ra, xususan, "O'ztemiryo'lyo'lovchi" AJ tarkibida vokzallar faoliyatini ta'minlash bo'yicha "temir yo'l vokzallari" MChJni tashkil qilish borasida qator ishlar amalga oshirildi.

    Jumladan joriy yil noyabr oyidan boshlab, "O'zbekiston temir yo'llari" AJ tomonidan Toshkent-Markaziy, Samarqand va Qo'qon temir yo'l vokzallari, ularda joylashgan bo'sh hududlarni tadbirkorlarga davlat-xususiy sherikchilik hamda shartnoma asosida ijaraga beriladi.

    Tadbirkorlar vokzallar va bo'sh joylarni ijaraga olishlari va ularda bizneslarini rivojlantirishlari uchun imkoniyati yaratildi.

    – Toshkent-Markaziy temir yo'l vokzalida tadbirkorlar uchun 4 ming kv.km. joy bo'lib, xususiy sherikchilik hamda ijaraga berilmoqda. Bu erda tadbirkor ofis uchun joy, mehmonxona, do'kon, xizmat ko'rsatish shoxobchalari hamda savdo markazlari tashkil qilishlari mumkin.

    Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, temir yo'l vokzallaridagi bo'sh hududlarni ijaraga olmoqchi bo'lgan tadbirkorning taklifi o'rganilib, tanlangan joy "E-auktsion" platformasi orqali ijaraga beriladi.

    Tadbirkorlar vokzallar hamda bo'sh joylarni ijaraga olishlari va ularda bizneslarini rivojlantirishlari uchun "O'ztemiryo'lyo'lovchi" AJning ijtimoiy tarmoqlardagi uzjeldorpass@mail.ru elektron pochtasi hamda @pastrans Telegram kanallari hamda jamiyatning +998 71 299 71 66 telefon raqamiga bog'lanib, o'zlariga zarur bo'lgan qo'shimcha ma'lumotlarni olish imkoniyati yaratildi.