Ochigʻini aytish kerak, yurtimizda ham bu xastalik tashxisi qoʻyilgan bemorlar soni kam emas. Shu bois mamlakatimizda saratonni oʻz vaqtida aniqlash va unga toʻgʻri tashxis qoʻyish, sohaga zamonaviy jarrohlik amaliyotlarini keng tatbiq etish, bu orqali bemorlar salomatligini yaxshilash muhim masala hisoblanadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori maslahatchisi etib tayinlangan Janubiy koreyalik mutaxassis — professor Von Ja Liga onkologik kasalliklarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olishga doir savollar bilan murojaat qildi.
— Janob Li, maʼlumki, bugun dunyo boʻylab onkologik xastaliklarga chalinish holatlari soni ortib bormoqda. Bunga asosan qanday omillar sabab boʻlyapti?
— Birinchi navbatda, yashash hududlarida kanserogen moddalarning tarqalishi kasallikning avj olishiga keng yoʻl ochmoqda. Shuningdek, global iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat va ichimlik suvi tarkibida sunʼiy qoʻshimchalarning koʻpayishi hamda turli zararli odatlar bemorlar soni ortishiga sabab boʻlayotir.
Toʻgʻri, ushbu xavf omillari birdaniga saratonni keltirib chiqarmasligi mumkin, biroq unga qayta-qayta roʻbaroʻ kelish kasallikka chalinish xavfini oshiradi. Misol uchun, 2,5 pikometrdan 10 pikometrgacha boʻlgan chang juda zararli hisoblanadi. Chunki u burun boʻshligʻida ushlanib qolmay, toʻgʻridan toʻgʻri oʻpkaga oʻtadi. Bu esa katta ehtimol bilan saratonga olib keladi.
Bundan tashqari, bugun dunyo aholisining umr koʻrish yoshi ancha uzaygan. Yaʼni, odam ulgʻaygani sari saratonga moyillik ortadi. Shu bilan birga, ayni paytda dunyoda kasallikni tashxislash ancha rivojlangan. Bu ham onkologik xastaliklar statistikasining oshishiga olib kelmoqda.
— Janubiy Koreyada aholini saratondan himoya qilish uchun qanday choralar mavjud?
— Bugungi kunda yurtimizning har bir okrugida salomatlik markazlari faoliyat yuritadi. Ular tomonidan onkologik va boshqa xavfli xastaliklardan himoyalanish uchun jismoniy faollik dasturlari targʻib qilinadi. Mahalliy aholi esa ushbu tavsiyalarga qatʼiy amal qiladi. Shuningdek, PR xizmati orqali ham kasallikka qarshi targʻibot tardbirlari samarali olib boriladi.
Yana bir muhim jihat, Janubiy Koreyada tamaki chekuvchilar uchun maxsus hududlar tashkil etilgan. Jamoat joylarida chekish esa qatʼiy taqiqlangan. Agar kimdir xatoga yoʻl qoʻysa, unga katta jarima, hatto, qamoq jazosi qoʻllanilishi mumkin.
— Oʻzbekistonda onkologik kasalliklarning oldini olish uchun qanday usullarni amaliyotga tatbiq etish lozim, deb oʻylaysiz?
— Eng avvalo, tibbiy sugʻurta tizimini rivojlantirish kerak. Agar bu loyiha toʻliq yoʻlga qoʻyilsa, aholiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati yanada yaxshilanib, unga boʻlgan talab ortadi. Bu esa kasalliklarni erta aniqlash imkonini beradi.
Shuningdek, saraton chalingan bemorlarni davolashda shifo maskanlarining zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlanganlik darajasi yuqori boʻlishi lozim. Sababi kasallikning oldini olishda erta tashxis eng muhim omil ekanini inobatga olsak, bu ishni ilgʻor tibbiy jihozlarsiz amalga oshirib boʻlmaydi.
Qolaversa, aholiga bu yoʻnalishdagi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish lozim. Shu bois Oʻzbekistondagi faoliyatim davomida cohada boshqaruv menejmentini rivojlantirish, xususan, onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash, mahalliy shifokorlarning xalqaro ilmiy loyihalarda faol ishtirok etishiga yaqindan koʻmaklashmoqchiman.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.