Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Voronej shahridagi migratsiya markazida oʻzbekistonlik mehnat migranti bilan yuz bergan hodisa haqida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.
Videodagi hodisani 28-iyunda Voronej migratsiya markazi binosida Oʻzbekiston fuqarosi M.I. tasvirga olgan va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Voronejdagi vakiliga 1-iyulda taqdim etgan.
Mamlakatimizning Moskva shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda videodagi fuqaro shaxsi aniqlashtirilib, 4-iyulda uchrashuv tashkil etilgan.
Fuqaro A.Gʻ. 2022-yil 1-iyunda ishlash maqsadida Voronej shahriga borgani, hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 28-iyunda Migratsiya markazida barmoq izlari topshirish jarayonida masʼul xodim tomonidan kuch ishlatilgani va sogʻligʻidan shikoyati yoʻqligini maʼlum qilgan.
Ushbu hodisa batafsil oʻrganilib, qoʻshimcha maʼlumotlar bilan tegishli organlarga nota kiritilgan, deyiladi xabarda.