Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, 16 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan shaxsning 18 yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgani holda uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazoni qoʻllanilishi mumkin.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni gʻayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazoni qoʻllanilishi mumkin.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslariga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biror-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlagan shaxs toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.

(Ilgari maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan soʻng takror sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlik belgilangan.)

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.