Farmon bilan “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida ishlab chiqilgan 2022—2026-yillarga moʻljallangan Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi. Mazkur strategiya 7 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat.  

Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish deb nomlangan ustuvor yoʻnalishda Yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqlari qonunchiligini kodifikatsiyalash asosiy maqsadlardan biri sifatida eʼtirof etilgan.

“Bola, u jismoniy va aqliy jihatdan kamolotga yetmaganligi tufayli maxsus ravishda muhofaza va gʻamxoʻrlikka, binobarin, tugʻilguncha va tugʻilgandan keyin ham munosib darajada huquqiy himoyaga muhtoj”. Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyada mustahkamlangan ushbu xalqaro huquqiy qoida vatanimiz qonun ijodkorlari tomonidan mutanosib ravishda qabul qilinib, 1994-yil Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish va jazoni individuallashtirish va differensiallashtirish xalqaro huquq asoslari sifatida yoritilgan. Voyaga yetmaganlar (bolalar) ishlari boʻyicha sudi oʻz vakolatlari doirasida taraflardan biri voyaga yetmagan boʻlgan jinoyat, fuqarolik va maʼmuriy ishlarni koʻruvchi suddir. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha sudlarning asosiy vazifasi bolalarni himoya qilish va ularni reabilitatsiya qilishdir.

Oʻtgan tarixiy davr mobaynida yuvenal yustitsiya shakllanish va rivojlanish bosqichlarini boshdan kechirdi, hozirgi kunda esa bu institut voyaga yetmaganlarning odil sudlovga boʻlgan huquqini taʼminlashning samarali mexanizmi ekanligini isbotlamoqda. Voyaga yetmaganlarning sodir etgan huquqbuzarliklariga nisbatan davlat taʼsir choralarini qoʻllashning juda murakkab va masʼul vazifa ekanligini hisobga olgan holda, bunday ishlarni koʻrishning maxsus sud organlari tomonidan olib borilishi maqsadga muvofiq ekanligini jahon amaliyoti tasdiqlab turibdi. Bu masala, ayniqsa, hozirgi sud-huquq islohotlari keng olib borilayotgan va bu islohotlarning bir yoʻnalishi sifatida jinoiy jazolarni liberallashtirish yoʻli tutilayotgan bir sharoitida yanada dolzarblik kasb etadi.

Jahonda odil sudlov kabi yuvenal yustitsiya ham muayyan davlatning huquqiy tizimi qaysi huquqiy oilaga mansub ekanligiga bogʻliq holda shakllangan desak mubolagʻa qilgan boʻlmaymiz. Shu oʻrinda jahon huquqiy olamida mavjud boʻlgan ingliz-sakson va roman-olmon huquqiy oilalari toʻgʻrisida birozgina toʻxtalishga zaruriyat bor. Sababi, jahon davlatlarida shakllangan odil sudlov, jumladan yuvenal yustitsiya modeliga oʻsha davlatlarning qaysi huquqiy oila tarkibiga kirishi omili salmoqli taʼsir koʻrsatgan. Shu bois, ilmiy adabiyotlarda odil sudlovning ingliz-sakson (yoki umumiy huquq) va roman-olmon (yoki kontinental huquq) modellari ajratiladi.

Roman-german huquqiy oilasi tarkibiga huquq tizimlari kiradigan davlatlarda huquqning asosiy manbasi boʻlib yozma manbalar – normativ-huquqiy aktlar hisoblanadi, shunga mos holda sudlov jarayoni ham asosan yozma qonunlarga asoslanib amalga oshiriladi. Oddiyroq qilib aytadigan boʻlsak, sudyalar oʻzlari koʻradigan ishlarni qonun normalariga asoslanib hal etishadi, protsessual jarayonlar ham imkon darajasida aniq-tiniq protsessual qonunchilikda tartibga solib qoʻyilgan.

Avvalo, yuvenal yustitsiyaning vatani boʻlgan AQSH sud tizimiga eʼtibor qaratamiz. AQSH oʻz huquqining shakllanishi, tuzilishi, manbalari va sud amaliyotining roli boʻyicha ingliz-sakson huquqiy oilasiga mansubdir.

Yuvenal yustitsiyaning vatani hisoblangan AQSHda maxsus yurisdiksiyali sudlar tizimida alohida oʻrinni voyaga yetmaganlar sudi tashkil etadi. Voyaga yetmaganlar sudi baʼzan oila sudi vazifasini ham ado etishi mumkin. Mazkur sudlar voyaga yetmaganlar huquqbuzarligiga oid ishlarni koʻradi, bundan tashqari, bolalariga gʻamxoʻrlik koʻrsatmay kelayotgan ota-onalarga nisbatan choralar koʻradi, sharoiti bola tarbiyasi uchun oilaviy sharoiti toʻgʻri kelmaydigan oilalardagi bolalar tarbiyasi masalasini nazorat qilib borishadi hamda oilaviy nizolarni hal qilishga harakat qilishadi.

Roman-german huquqiy oilasining vakili boʻlgan Fransiya yuvenal yustitsiyasining xususiyati shundaki, voyaga yetmaganlarning ishlarini koʻruvchi sudlar ham bir necha kategoriyaga ajratilgan. Masalan, qasamyod qilganlar (prisyajniy) sudi 16-18 yoshli voyaga yetmaganlarning ogʻir jinoyatlarini uchta malakali sudya va toʻqqizta prisyajniylar tarkibida koʻradi; 13-15 yoshli bolalarning ogʻir jinoyatlariga doir ishlarni, shuningdek 13-18 yoshlilarning jinoiy deliktlari va jiddiyroq nojoʻya harakatlarini voyaga yetmaganlar ishi boʻyicha tribunallar tomonidan koʻriladi.

Ushbu masalada Germaniya, Italiya tajribasi ham eʼtiborga sazovor.

Yuvenal yustitsiya, demak, bir tomondan, voyaga yetmaganlarning odil sudlovga boʻlgan huquqini yuqori darajada taʼminlash imkoniga ega, ikkinchi tomondan bu tizim, albatta jamoatchilik kuchiga asoslanadi. Shu bois ham, mutaxassislar, yuvenal yustitsiyani sud va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi tuzilma, deb eʼtirof etishadi.

Xalqaro hamjamiyat tarkibida oʻzining mustaqil va munosib oʻrniga ega boʻlgan Oʻzbekiston bugungi kunda oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishi sifatida inson huquqlarini eʼtirof etib kelmoqda. Buning mantiqiy natijasi sifatida koʻplab xalqaro konvensiyalarga mamlakatimizning qoʻshilganligini taʼkidlash lozim.

Maʼlumki inson huquqlari tizimida bola huquqlari alohida oʻziga xos oʻrin tutadi. Bu holat bir jihatdan, bolalar har bir jamiyatning kelajagi, poydevori ekanligi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan esa, bolalar jamiyatdagi turli ijtimoiy qatlamlar ichida eng nozik, yordam va himoyaga muhtoj guruh ekanligi bilan ham tavsiflanadi.

Shu boisdan ham Oʻzbekiston bola huquqlariga oid qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan. Toshkent davlat yuridika universitetida olib borilayotgan saboqlar jarayonida biz talabalarga bola huquqlariga doir xalqaro huquq qoidalarning eng muhimlari mamlakatimiz qonunchiligiga implementatsiya etilganligini taʼkidlaymiz. Shuningdek, inson huquqlari boʻyicha xalqaro normalarning ustuvorligi Oʻzbekiston qonunchiligining bosh tamoyillaridan biri hisoblanishi, shunga muvofiq kundalik hayotda bola huquqlari boʻyicha xalqaro huquqiy andozalarga mamlakatimizda toʻla rioya etishga qatʼiy harakat qilinayotgani haqida aytib oʻtamiz. Oʻylaymizki, Yuvenal yustitsiya institutining joriy etilishi mamlakatda bola huquqlarining kafolatlanganligining yana bir yaqqol namunasi boʻlib xizmat qiladi.

Dilrabo Topildiyeva,
TDYUU
Kriminalistika va sud ekspertiza kafedrasi oʻqituvchisi