Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi boshqaruvi direktori Yoxan Eydxagen hamda aviakompaniya mutasaddi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv davomida xorijiy tomonga mamlakatimizning turistik salohiyati, yaratilgan qulay sharoitlar va taqdim etilayotgan imtiyozlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Bundan tashqari, ikki tomonlama muloqotda aviakompaniyaning Oʻzbekiston bozoridagi faoliyati bilan bogʻliq muammolar, kelgusi rejalar va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Eydxagenning qayd etishicha, Oʻzbekistonda turistik sohani rivojlantirish uchun ulkan salohiyat va barcha shart-sharoitlar mavjud. Yildan yilga nafaqat tashqi va ichki turizmda, balki har sohada rivojlanish tendensiyalari tobora ortib bormoqda. Shundan kelib chiqib, “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi bilan 2023-yilda mamlakatimizga yangi yoʻnalishlar ochish va Abu-Dabidan Oʻzbekistonning turistik shaharlariga aviareyslar sonini oshirish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Maʼlumot uchun, hozirgi kunda “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi haftasiga 3 marotaba “Abu-Dabi – Toshkent - Abu-Dabi” va haftasiga 4 marotaba “Abu-Dabi – Samarqand - Abu-Dabi” yoʻnalishlarida parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

Muzokaralar yakuniga koʻra, Madaniyat va turizm vazirligi va “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi oʻrtasida muntazam axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, aviakompaniya havo kemalarida va veb-resurslarida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilish, istiqbolli aviayoʻnalishlarni hamkorlikda ishlab chiqish hamda yaqin kelajakda oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolash kabi kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.