Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qoʻmita bloger R.Kusherbayevning “Samarqand-Abu-Dabi” yoʻnalishi bilan “Wizzair” aviakompaniyasi tomonidan koʻrsatilgan xizmatlardan foydalanganda aynan til bilan bogʻliq muammoga duch kelgani yuzasidan qoldirgan murojaatini koʻrib chiqqan.
Taʼkidlanishicha, uchish davrida aviakompaniyaning ekipaj aʼzolari tomonidan xorijiy tilda xavfsizlik qoidalari haqida maʼlumot berilgan. Bu qoidalarni oʻzbek va rus tillarida tushuntirib berishlari soʻralganida xodim tomonidan unga nisbatan qoʻpol muomalada boʻlingan va mijozdan bortni tark etishni talab qilingan. Fuqaro mazkur reysda shu tarzda Abu-Dabiga yetib borgan.
Qoʻmita tomonidan Transport vazirligiga oʻrganishlar yuzasidan soʻrov xati yuborildi. Natijada oʻzboshimchalik bilan xatti-harakatlarni amalga oshirgan mazkur aviakompaniya xodimlariga nisbatan chora koʻrildi.
Yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilishda yuzaga kelgan kamchilik va xatolarni bartaraf etish maqsadida ekipaj aʼzolariga parvozlar xavfsizligini taʼminlash, muomala madaniyati, har bir mamlakatning parvozga aloqador qonunlari va tartib-taomillari hamda aviayoʻlovchilarni hurmat qilish boʻyicha trening kurslari yoʻlga qoʻyildi.